O‘zbekiston – kosmetik mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha klaster tashkil etish uchun istiqbolli hudud
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda farmatsevtika va kosmetika sanoatini rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirish hamda xalqaro investitsiyalarni jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, sohada zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish va eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda. Ana shu jarayonda xorijiy kompaniyalar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan bir qator nufuzli xorijiy kompaniyalar bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, sohadagi hamkorlik istiqbollari atroflicha muhokama qilinayotir.
Xususan, agentlik direktori Abdulla Azizov hamda Mo‘g‘ulistonning “Monos Group” kompaniyasi rahbariyati o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston hududida kosmetik mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etishga qaratilgan investitsiya loyihasi muhokama qilindi. Kompaniya vakillari mazkur tashabbusga yuqori qiziqish bildirib, uni amalga oshirish mamlakatda kosmetika sanoatini rivojlantirish va yangi ish o‘rinlari yaratishda muhim omil bo‘lishini qayd etdi.
Shuningdek, Xitoy Xalq Respublikasining “Beijing Huahe International Business Consulting Co., Ltd.” kompaniyasi bilan o‘tkazilgan onlayn muzokaralarda tibbiyot va farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Mazkur kompaniya 30 dan ortiq yirik farmatsevtika tashkilotlari, jumladan, “Sinopharm” bilan hamkorlik qilib kelayotgani bilan ahamiyatlidir. Uchrashuvda tibbiy uskunalarni yetkazib berish va mahalliylashtirish, farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish, texnologiyalar transferi, kontrakt ishlab chiqarish hamda xalqaro bozorlarga chiqish kabi ustuvor yo‘nalishlar muhokama qilindi.
Koreya Respublikasining “U&K GLOBAL NETWORK” tashkiloti bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda esa mamlakatimizda kosmetika sanoatining rivojlanish salohiyati va investitsiya imkoniyatlari taqdim etildi. Koreya tomoni O‘zbekistonni kosmetik mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha klaster tashkil etish uchun istiqbolli hudud sifatida baholab, bu borada hamkorlikni kengaytirishga qiziqish bildirdi.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, bu kabi uchrashuvlar nafaqat yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish, balki sohada ilg‘or tajriba va texnologiyalarni jalb etish nuqtai nazaridan ham muhimdir. Ayni paytda O‘zbekiston farmatsevtika bozorida import ulushi hali ham yuqori bo‘lib qolayotgani, mahalliy ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish zaruratini ko‘rsatmoqda. Shu bois xorijiy sheriklar bilan hamkorlikni kengaytirish strategik ahamiyatga ega.
Agar bu yo‘nalishdagi ishlar izchil davom ettirilmasa, ichki bozorda tashqi mahsulotlarga qaramlik saqlanib qolishi, narx-navo barqarorligiga ta’sir ko‘rsatishi hamda sohada raqobat muhitining yetarlicha shakllanmasligi kabi salbiy holatlar yuzaga kelishi mumkin. Aksincha, investitsiyalar va texnologiyalar oqimining ortishi mahalliy mahsulotlar sifatini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va eksport geografiyasini kengaytirish imkonini beradi.
Farmatsevtika va kosmetika sanoatida xalqaro hamkorlikni kuchaytirish bugungi kunda O‘zbekiston uchun ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda. Bu orqali sohada innovatsion rivojlanishga erishish, aholini sifatli mahsulotlar bilan ta’minlash va milliy iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish uchun mustahkam asos yaratiladi.
Mohigul Qosimova, O‘zA