Termizda kitobxon o‘g‘il-qizlar bellashdi
Termiz shahridagi Yoshlar markazida “KITOBXON KIDS” tanlovining Surxondaryo viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Unda tanlovning quyi bosqichlarida saralab olingan 7 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan kitobxon iqtidorli bolalar ishtirok etdi.

Kitob – insonning eng sodiq do‘sti, yaqin maslakdoshi. Bu do‘stlik, sirdoshlik yosh tanlamaydi, dilga ozor bermaydi. Aksincha, qalblarga quvonch ulashib, hayot pillapoyalarida to‘g‘ri yo‘lga yetaklaydi. Yosh avlodning tafakkurini yuksaltirib, mushohada qilishga, mulohaza yuritishga undaydi.

Qizg‘in bellashuvga boy bo‘lgan tanlovda ham bolalikdan kitobga mehr qo‘ygan o‘g‘il-qizlar badiiy asarlarning chinakam do‘st va yaqin maslakdosh ekanini ko‘rsata oldi. Mutolaa qilgan badiiy asarlari yuzasidan savol-javoblarga atroflicha javob berdi. Asar mazmunini tahlil qilib, qahramonlar obrazini ochib berishga intildi. Tezkor fikrlash, mushohada yuritish yo‘nalishida ham o‘z bilim va salohiyatini namoyish etdi.

Bolajonlarning kitobga qiziqishini oshirib, ularning dunyoqarashi va tafakkurini kengaytirish, bo‘sh vaqtlarini sermazmun o‘tkazishga xizmat qiladigan loyiha doirasida o‘tkazilgan tanlov yakunida eng zukko, bilimdon kitobxon o‘g‘il-qizlar aniqlanib, diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri