Xotira xiyoboni uyg‘oqlikka chorlaydi
9-may – Xotira va qadrlash kuni
Har yili bahorda, atrof-tabiat yashillikka burkangan paytlar poytaxtimizdagi Mustaqillik maydoni ham o‘zining bor tarovati bilan insonlarni o‘ziga chorlaydi.
Maydondagi Xotira xiyoboni bo‘ylab odimlar ekansiz, har bir qadamda qalbingizdan ajib bir tuyg‘ular o‘tadi. Bu ham zavq, ham alamli sog‘inchdir.
Xotira va qadrlash kuni yaqinlashgan sari maydon yanada gavjumlashadi. Bu yerda turli yosh va millatlarga mansub insonlarni uchratish mumkin. Kimdir oila a’zolari, kimdir turmush o‘rtog‘i bilan, kimdir esa yolg‘iz ziyoratga kelgan.
Maydondagi Xotira kitobidan joy olgan ismlar. Ularning adog‘i yo‘q. Har birining ortida bir inson umri, bir oila taqdiri mujassam. Bularni shunchaki o‘qib bo‘lmaydi. Dardli xotiralar, alamli tuyg‘ular, yoshli nigohlar. Barchasi sabrdan, xotiradan darak. Dilda o‘lmagan odam elda ham o‘lmaydi.
Xolmatov I. Xolmatov A. Xolmatov M. Xolmatov V. Xolmatov Yu...
Bular Toshkent viloyati, Xonobod qishlog‘ilik Zulfiya ayaning besh pahlavoni, besh alpomish yigit. Bir uydan chiqib, uyga qaytmagan besh oila va bir onaning umrbodga muhrlangan armoni.
Ular Vatan ozodligi, yurt osudaligi va bugungi nurafshon kunlar uchun jonini qurbon qildilar. Ularning mardligi mangulikka muhrlangan. Bunda onalar faryodi, beva qolgan yorlarning iztirobi va ota mehriga to‘ymagan go‘daklarning sog‘inchi yashirin.
Bu muqaddas joyda ruhlarning tirik joni bor. Xotira xiyoboni bu yurakni o‘rtovchi alamli ziyoratgohdir.
Mangu olov tafti bizni o‘sha mash’um urush yillari haqida mushohada yuritishga undaydi.
Ana, bir quchoq gulni bag‘riga bosgancha keksa onaxon keldi. U Motamsaro ona haykali poyiga egilib, gullarni asta qo‘ydi. Ko‘zidagi yoshni harir ro‘molining uchi bilan artarkan, lablari pichirlab duo qildi. Shoyad shu duolar olovi so‘ngan oilalar ruhiga taskin bersa...
Bu urushda Vatan kimlarni yo‘qotmadi? Kimning xonadoniga judolik soya solmadi? Kimning jigari qaytmadi?
Bugun biz erishgan Istiqlol baxti, tinchlik taxti o‘sha bobolarimiz ko‘rmagan, lekin bizga meros qoldirgan oliy ne’matdir.
Xotira – muqaddas, qadrlash esa ezgu, savob ish. Tinch hayot uchun kurashganlar yurtning abadiy faxridir.
O‘zbekistondek jannatmakon yurtning omonligi, farovonligi uchun jon bergan fidoyilar qalbimizda abadiy yashaydi.
Zero, xotira bor ekan – millat tirik, qadr bor ekan – kelajak bardavom. Xotira xiyoboni insonlarni mudom uyg‘oqlikka, hushyorlikka chorlayveradi.
Asror Sulaymonov,
O‘zA