Muddatli harbiy xizmatchilarning Vatanga qasamyod marosimi bo‘lib o‘tdi
Qarshi shahridagi “Vatanparvarlar bog‘i”da O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qashqadaryo viloyati boshqarmasiga yangi qabul qilingan muddatli harbiy xizmatchilarning Vatanga qasamyod qabul qilish marosimi tantanali ruhda tashkil etildi.
Unda askarlarning ota-onalari, yaqinlari, keng jamoatchilik vakillari, shuningdek, viloyatda faoliyat yuritayotgan oilaviy bolalar uyi tarbiyalanuvchilari ishtirok etdi.

Marosim davomida yosh askarlar muqaddas Vatanimizga sadoqat bilan xizmat qilishga, xalqimiz tinchligi va osoyishtaligini himoya qilishga, yuklatilgan vazifalarni vijdonan bajarishga tantanali ravishda qasamyod qildi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar ushbu unutilmas kun bilan yosh harbiy xizmatchilarni samimiy qutlab, ularga xizmat faoliyatida matonat, jasorat, mustahkam iroda va ulkan zafarlar tiladi.

Toshkent viloyati Bekobod tumanidan harbiy xizmatga chaqirilgan 19 yoshli oddiy askar Azizbek Olishev uchun ham bugungi kun hayotidagi eng quvonchli va mas’uliyatli onlardan biri bo‘ldi.
– Bugun Vatan oldida qasamyod qabul qilganimdan faxrlanaman. Bu nafaqat mening, balki oilamning ham orzusi edi. Endi men yurtimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligini saqlash yo‘lida bor kuch-g‘ayratim bilan xizmat qilaman, – deydi oddiy askar Azizbek Olishev.

Ta’kidlash joizki, bunday tantanali tadbirlar yoshlarda vatanparvarlik, burch va mas’uliyat tuyg‘usini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri