Tadbirkorni qo‘llab-quvvatlash — ustuvor maqsad
Zomin tumanida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari va tadbirkorlik faoliyatini chuqur o‘rganish mamlakatimizda Prezident qaror va farmonlari ijrosi izchil ta’minlanayotganining yorqin ifodasiga aylanmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Biznes-ombudsman Abdumannop Bo‘riyevning xizmat safari aynan shu maqsadga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Hududdagi mutasaddilar hamrohligida o‘tgan o‘rganishlar jarayonida “Zomin texnoparki” maxsus sanoat zonasida faoliyat yuritayotgan korxonalar ishi atroflicha tahlil qilindi. Investitsiya loyihalarining amaliy natijalari, ishlab chiqarish quvvatlari va istiqboldagi rejalar tanqidiy-tahliliy ruhda ko‘rib chiqildi. Eng muhimi, tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, ularni qiynayotgan masalalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri eshitildi.
[gallery-28853]
Dashtobod shaharchasidagi “Artel Electronics Zomin” hamda “Ermak Plus” mas’uliyati cheklangan jamiyatlaridagi ish jarayonlari bilan tanishish chog‘ida ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va eksport hajmini kengaytirishga alohida urg‘u berildi. Bu esa, o‘z navbatida, yurtimizda tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat siyosati amalda o‘z samarasini berayotganini ko‘rsatadi.
Uchrashuvlar davomida investitsiya loyihalarining bajarilishi, ularning iqtisodiy qaytimi va sohadagi mavjud to‘siqlar yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Muammolarni bartaraf etish, tadbirkorlar uchun yanada qulay muhit yaratish borasida aniq taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi.
Bunday tizimli yondashuv hududning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, sanoat salohiyatini mustahkamlash va eng muhimi, tadbirkorlikni barqaror rivojlantirishda mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA