Farg‘onada futbol rivoji yangi bosqichga chiqmoqda
FOTOREPORTAJ
24 yillik tanaffusdan so‘ng “Neftchi” futbol klubining yana O‘zbekiston chempioniga aylanishi Farg‘ona viloyatida futbol sohasining rivoji uchun mustahkam zamin yaratdi. Mazkur tarixiy g‘alaba muxlislar va keng jamoatchilikda katta ruhiy ko‘tarinkilik uyg‘otdi.
Ayniqsa, viloyat hokimi Xayrullo Bozorov tomonidan ilgari surilgan “Farg‘onani O‘zbekistonning futbol poytaxtiga aylantiramiz” degan yuksak maqsad futbol ixlosmandlari tomonidan katta mamnuniyat bilan qarshi olindi. Bu tashabbus bugungi kunda amaliy ishlar bilan mustahkamlanmoqda.
[gallery-28911]
Hozirgi kunda viloyatning barcha shahar va tumanlarida yoshlarni futbolga keng jalb etish, ularning muntazam shug‘ullanishi uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda. Zamonaviy sport inshootlari barpo etilib, mavjud maydonlar bosqichma-bosqich ta’mirlanyapti.
Jumladan, Bag‘dod tumanidagi “Markaziy” o‘yingohi yosh futbolchilarning sevimli maskanlaridan biriga aylangan. Bu yerda mashg‘ulotlar bilan bir qatorda turli musobaqalar ham muntazam o‘tkazib kelinadi.
Bag‘dodlik murabbiy Azizbek Matkarimovning ta’kidlashicha, mamlakatimizda futbolga bo‘lgan e’tibor tobora ortib borayotir.
— O‘zbekiston milliy terma jamoasining jahon chempionatiga yo‘llanma olgani, shuningdek, yosh sportchilarimiz erishayotgan yutuqlar futbolga qiziqishni yanada oshirdi. Ayniqsa, “Neftchi” jamoasining muvaffaqiyatlari yoshlar uchun katta ilhom manbaiga aylanmoqda. Natijada sport to‘garaklariga keluvchilar soni keskin oshdi. Bugun farzandlarini yetaklab kelayotgan ota-onalar ham ko‘paymoqda, - deydi murabbiy A. Matkarimov. — Yaratilayotgan sharoitlar uchun yurtboshimizga minnatdorlik bildiramiz.
Ayni paytda Bag‘dod tumanidagi “Markaziy” o‘yingohi nafaqat sport inshooti, balki sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etuvchi, yoshlarni tarbiya va kamolotga yetaklovchi muhim maskanga aylanib bormoqda.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA