Yer osti suvlari sathi pasayib bormoqda
Global iqlim o‘zgarishi, suv resurslari tanqisligi va yog‘ingarchilik hajmining kamayishi kabi ekologik muammolar yer osti suvlari zaxiralariga ham jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, aholi sonining o‘sishi va iqtisodiyot tarmoqlarida suvga bo‘lgan ehtiyojning ortishi mazkur masalaning dolzarbligini yanada kuchaytirmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi yig‘ilishida yer osti suvlaridan foydalanish va ularni muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati Samarqand va Navoiy viloyatlari misolida nazorat-tahlil tartibida ko‘rib chiqildi.

Tahlillarga ko‘ra, mamlakatimizda yer osti suvlari sathi so‘nggi yillarda sezilarli ravishda pasayib bormoqda. Bu esa suvdan, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun foydalanishda tejamkorlik va samaradorlik masalasini kun tartibiga chiqarmoqda.
So‘nggi yillarda yurtimizda sohani tartibga solishga qaratilgan qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Ular asosida yer osti suvlaridan foydalanishni cheklash, hisobga olish va monitoring qilish bo‘yicha aniq mexanizmlar joriy etildi. Jumladan, suv sathi pasaygan hududlarda yangi quduqlar qazishga moratoriy e’lon qilindi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, suv hisoblash vositalarini o‘rnatish va burg‘ilash uskunalarini raqamlashtirish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, respublika bo‘yicha mavjud quduqlardan foydalanish uchun ruxsatnomalarni rasmiylashtirish, ularga suv hisoblagichlar o‘rnatish hamda ularni yagona axborot tizimiga ulash ishlarini jadallashtirish zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, noqonuniy burg‘ilash holatlari va qo‘lbola uskunalardan foydalanishning oldini olish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rish lozimligi ta’kidlandi. Bu yer osti suvlarini asrab qolishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Muhokamalar davomida yer osti suvlaridan foydalanish ustidan davlat nazoratini kuchaytirish, barcha quduqlarni to‘liq ro‘yxatga olish, “bir quduq — bir ID” tamoyilini joriy etish hamda yagona elektron baza yaratish ishlarini izchil davom ettirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Muhtarama KOMILOVA,
O‘zA