Telekom va ta’limda strategik kelishuv
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov hamda “USM Holding” direktorlar kengashi raisi Xachatur Pombukchyan o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda telekommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish, aloqa xizmatlari sifatini oshirish hamda aholini barqaror va yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlash, shuningdek, IT sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar davomida mavjud tarmoqlarni modernizatsiya qilish, qamrovni kengaytirish, xizmatlar barqarorligini ta’minlash va foydalanuvchilar uchun qulay hamda uzluksiz aloqa muhitini shakllantirish yo‘nalishlariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Ushbu ustuvor vazifalarni izchil amalga oshirish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.

Uchrashuv doirasida Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda “Ucell” savdo belgisi ostida faoliyat yurituvchi “COSCOM” MCHJ o‘rtasida raqamli ta’limni rivojlantirish va axborot texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlashni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan anglashuv memorandumi imzolandi.
Mazkur hamkorlik mamlakatda raqamli texnologiyalar sohasida ta’lim muhitini tizimli rivojlantirish, zamonaviy o‘quv dasturlarini joriy etish hamda yoshlarning amaliy ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qiladi. Kelishuvda ta’lim jarayoniga ilg‘or IT yechimlarni tatbiq etish, o‘qituvchilar malakasini oshirish hamda yoshlarni zamonaviy kasblarga yo‘naltirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Shuningdek, hamkorlik doirasida ta’lim va texnologiya sohalari o‘rtasida barqaror ekotizimni shakllantirish, xalqaro va milliy loyihalarda ishtirokni kengaytirish, xakatonlar, olimpiadalar hamda sohaviy forumlar tashkil etish rejalashtirilgan.
Nigora RAHMONOVA,
O‘zA