Soliq boshqarmasining mansabdor xodimi pora bilan ushlandi
Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat prokuraturasi, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Soliq boshqarmasi komplayens va korrupsiyaga qarshi nazorat bo‘limi bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazildi.
Jumladan, Sirdaryo viloyati Soliq boshqarmasining sho‘’ba boshlig‘i xizmat mavqeidan foydalangan holda, zargarlik buyumlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi MCHJ go‘yoki 1 mlrd so‘mдан yuqori savdo aylanmasini yashirib, majburiy to‘lovdan bo‘yin tovlagani vaji bilan, unga nisbatan sun’iy shakllantirilgan 145 mln so‘m jarimani qo‘llamaslik va kelgusi faoliyatida rahnamolik qilish evaziga uning rahbaridan qiymati 10 mln so‘mlik tilla taqinchoqni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hurmatli fuqarolar, kundalik hayotda shu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelsangiz ДХХнинг 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, xabar bering. Shaxsingizning sir saqlanishi kafolatlanadi.