Sohibqiron Amir Temur davrida konchilik va ma’danchilik taraqqiyoti
Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat hamda san’at homiysi – Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan OKMKda bir qator tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.
Jumladan, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Fanlar akademiyasi, Xalqaro Amir Temur jamoat fondi hamda “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ hamkorligida “Amir Temurning Choch va Iloqdagi faoliyati davrida konchilik va ma’danchilik” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy anjumani tashkil etildi.

Unda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi boshlig‘i Otabek Hasanov, Xalqaro Amir Temur jamoat fondi raisi Muhammad Ali, O‘zbekistondagi birinchi akademik maqomini olgan olima ayol Dilorom Yusupova, “Fan va taraqqiyot” DUK direktori Nodira Abed, O‘zbekiston tarixi muzeyi direktori Jannat Ismoilova, Siyosiy fanlar doktori Nazrulla Jo‘rayev, Filologiya fanlari doktori, professor Hamidulla Dadaboyev, O‘zbekiston xalq artisti Xayrulla Lutfullayev, taniqli olimlar, ziyolilar hamda oliy o‘quv yurtlari rektorlari, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti ijodkorlari, OKMK mas’ullari ishtirok etdi.

– Bugun mamlakatimizda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi keng nishonlanmoqda, – deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi boshlig‘i O. Hasanov. – Mustaqillikning ilk yillaridayoq, xususan, 1993-yilda iqtisodiy qiyinchiliklarga qaramasdan, Amir Temur haykali poytaxtimizda o‘rnatildi. Zero, Amir Temur mustaqillik ramzi sifatida yuksak qadrlanadi. Yana bir muhim jihat – poytaxtimizdagi Temuriylar tarixi davlat muzeyi 1996-yildan buyon ta’mirlanmagan edi. Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan dunyodagi nufuzli muzeylarning ilg‘or tajribalari asosida mazkur muzey binosi rekonstruksiya qilindi. U zamonaviy jihozlar bilan ta’minlandi, raqamlashtirish orqali imkoniyatlar kengaytirildi, ekspozitsiyalarni yangilash va boyitish ishlari amalga oshirildi. Muzey milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otadigan maskan hisoblanadi. Zero, tarix fani insonda o‘zlikni anglash va milliy g‘ururni shakllantirishga xizmat qiladi. Bugungi anjumanda ham Amir Temur bobomiz merosini o‘rganish jarayonida manbalarda uchraydigan xatolarni bartaraf etish, mavjud muammolarga yechim topishga qaratilgan muhim masalalar muhokama qilindi. Buyuk ajdodimiz haqida tarqalgan noto‘g‘ri ma’lumotlarni tajribali tarixchilar ishtirokida chuqur o‘rganib, xolislikni ta’minlash zarur. Ayniqsa, bugungi kunda Amir Temur merosini o‘rganish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, kinokartinalar va animatsion filmlar yaratilmoqda.

Ilmiy-amaliy anjumanda Sohibqiron Amir Temurning hayoti va faoliyati, uning jahon tarixida qudratli davlat barpo etgan yirik siyosiy arbob sifatidagi o‘rni, Choch va Iloq hududlaridagi ilm-fan taraqqiyoti, shuningdek, o‘sha davrda ma’danchilik va zargarchilik rivoji kabi yo‘nalishlar qamrab olindi.

Shuningdek, tadbirda Amir Temur zarb qildirgan oltin va kumush tangalar, mis chaqalar, qurol-aslaha hamda zeb-ziynat buyumlari, shu davrda konchilik, misgarchilik, temirchilik va hunarmandchilikning yuksak taraqqiyotiga oid qiziqarli ma’lumotlar berildi.
Temurshunos olimlar tomonidan tadbir davomida bir qator qiziqarli ma’lumotlar ham taqdim etildi. Tarixiy manbalarga ko‘ra, Amir Temur davrida Choch (Toshkent vohasi) va Iloq (Ohangaron vodiysi) hududlari nafaqat strategik muhim harbiy-siyosiy markaz, balki saltanatning asosiy ma’dan xom ashyosi bazasi hisoblangan. Sohibqiron bu hududlardagi tabiiy boyliklardan davlat qudratini mustahkamlash va harbiy sanoatni rivojlantirishda unumli foydalangan. Iloq vodiysi (hozirgi Olmaliq va Ohangaron hududlari) qadimdan o‘zining boy konlari bilan mashhur bo‘lgan. Temur davrida bu yerda konchilik yangi bosqichga ko‘tarilgan. Ohangaron tog‘ tizmalarida joylashgan konlardan oltin va kumush qazib olingan. Bu metallar Samarqanddagi markaziy zarbxonalarda tangalar yasash uchun asosiy manba bo‘lgan. Konchilikda mis, qo‘rg‘oshin qazib olish hajmi ortgan. Ohangaron vodiysidagi ma’dan eritish pechlarining qoldiqlari bu davrda metallurgiya yuksak darajada bo‘lganligini ko‘rsatadi.

Hududdagi mis konlari Temur davrining mashhur mis buyumlari, jumladan, katta hajmdagi qozonlar va me’moriy obidalar uchun kerakli metall qotishmalarini yetkazib bergan.
So‘zga chiqqanlar Sohibqironning boy tarixiy merosi, davlat boshqaruvidagi yuksak salohiyati, ilm-fan va madaniyat rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi haqida batafsil ma’lumot berdi. Anjumanda Amir Temur haqidagi ma’lumotlarni ingliz, rus va xorijiy tillarda ham ijtimoiy tarmoqlar va internet platformalarida tarqatish, yoshlarimiz uchun bobomiz haqida tarixiy ma’lumotlarni ulashuvchi ko‘proq sodda va oddiy milliy kontentlar tayyorlash kabi takliflar ilgari surildi.
Tadbir davomida “Metallurg” madaniyat saroyi xonandasi Uyg‘un Tavboyev ijrosidagi Sohibqiron haqida qo‘shiq barchaga manzur bo‘ldi. Shuningdek, O‘zbekiston xalq artisti Xayrulla Lutfullayev hamda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti xonandalari ijrosidagi taronalar ham olqishlarga sazovor bo‘ldi. Ishtirokchilar bu yil mart oyida davlatimiz rahbari boshchiligida ishga tushirilgan 3-Mis boyitish fabrikasi ishlab chiqarish jarayoni bilan ham tanishdi.

– Anjumanning aynan Olmaliq shahrida o‘tkazilishi bejiz emasligiga kombinatda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishgach, yana bir bor amin bo‘ldim, – deydi tarix fanlari doktori, professor Abduxalil Mavrulov. – Nafaqat Markaziy Osiyo, balki dunyo miqyosida ham eng yirik sanoat korxonalaridan biri bo‘lgan mazkur majmuada yurtimizdagi keng ko‘lamli islohotlarning amaldagi natijalarini yaqqol ko‘rish mumkin. Tarixiy manbalarda Sohibqiron Amir Temurning Iloq hududida bo‘lgani, bu yerda qadimdan ma’danchilik rivojlangani va mazkur o‘lka boy konlar makoni sifatida mashhur bo‘lgani haqida ham ma’lumotlar bor.
Anjuman davomida shonli tariximizga oid qator qiziqarli faktlar taqdim etildi. Bunday tadbirlarning ko‘proq tashkil etilishi yosh avlod uchun ham muhim amaliy ahamiyat kasb etadi.
A.Musayev, O‘zA