Sirdaryoda Madaniyat va san’at xodimlari kuni keng nishonlandi
Madaniyat va san’at inson qalbini tarbiyalaydigan, millatni birlashtiruvchi, uning tarixi va kelajagini bog‘lab turuvchi beqiyos ma’naviy qadriyatdir. Shu bois har yili 15-aprel — Madaniyat va san’at xodimlari kuni Sirdaryo viloyatida ham alohida ko‘tarinki ruh va yuksak ehtirom bilan nishonlanadi.
"Zomin" tantanalar uyida tashkil etilgan bayram tadbiri ham katta shukuh bilan o‘tdi. Unda madaniyat va san’at vakillari, mehnat faxriylari, sohada samarali faoliyat yuritgan ustozlar oila a’zolari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining madaniyat va san’at sohasi xodimlariga yo‘llagan bayram tabrigi o‘qib eshittirildi. Samimiy tilaklarga boy ushbu tabrik barcha ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda madaniyat va san’at sohasiga qaratilayotgan e’tibor natijasida ushbu yo‘nalish izchil rivojlanib bormoqda. Qabul qilinayotgan farmon va qarorlar sohani takomillashtirish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda yoshlarni san’atga jalb etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Jumladan, 2025-yilda viloyat mahalliy byudjeti hisobidan madaniyat muassasalarini rivojlantirish uchun qariyb 40 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Ushbu mablag‘lar hisobiga madaniyat muassasalari ta’mirlanib, zamonaviy jihozlar, milliy cholg‘u asboblari, sahna liboslari va zarur adabiyotlar bilan ta’minlandi.
Joriy yilda ham mazkur ishlar izchil davom ettirildi. Viloyat musiqali drama teatri uchun ajratilgan mablag‘lar hisobiga bino ta’mirlanib, orkestrning moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi. Shuningdek, bir qator madaniyat markazlari namunaviy muassasalar sifatida qayta tashkil etildi.

Viloyat ijodiy jamoalarining xalqaro maydondagi ishtiroki ham kengayib bormoqda. Musiqali drama teatri jamoasi Rossiya va Tataristonda, filarmoniya san’atkorlari Koreya, Xitoy, Birlashgan Arab Amirliklari, Malayziya va Turkiyada, maqom ansambli esa Tojikistonda gastrol safarlarini amalga oshirdi.
Bu yutuqlar ortida mehnat, sadoqat va cheksiz muhabbat mujassam. Muhimi, 2026-yil ham sirdaryolik madaniyat va san’at vakillari uchun yutuqlarga boy bo‘ldi. Xususan, maqom ansambli sozandasi Olima Mahmudova Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlandi, xonanda Laylo Sharofiddinova “Yoshlar bahori” tanlovining mutlaq g‘olibi bo‘ldi. “Gulxanda” askiya jamoasi esa faxrli birinchi o‘rinni egalladi.
Yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Viloyat musiqa maktablari o‘quvchilari turli xalqaro tanlovlarda ishtirok etib, yuqori natijalarni qo‘lga kiritmoqda.

Yoshlarni madaniyat va san’atga jalb etish maqsadida 150 ta to‘garak tashkil etilgan bo‘lib, ularda 1500 nafardan ziyod yoshlar qamrab olingan. 15 ta musiqa maktabida esa 3500 nafar o‘quvchi-yosh san’at sirlarini o‘rganmoqda. Umumta’lim maktablarida ham ijodiy to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bu esa yangi iste’dodlarni kashf etishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Yana bir e’tiborli jihat shu bo‘ldiki, bayram arafasida Sirdaryo viloyat hokimi Erkinjon Turdimov tashabbusi bilan “Hokim va madaniyat xodimlari” uchrashuvi tashkil etildi. Unda soha vakillari bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, ularning fikr va takliflari tinglandi. Eng asosiysi, inson qadri e’tibor markazida bo‘ldi.
Shuningdek, madaniyat va san’at sohasida uzoq yillar samarali mehnat qilgan, bugun oramizda yo‘q 27 nafar xodimning oila a’zolari holidan xabar olinib, ularga bayram munosabati bilan hurmat va ehtirom ko‘rsatildi. Shu bilan birga, uzoq yillar xizmat qilib, bugun nafaqada bo‘lgan soha fidoyilari ham e’tibordan chetda qolmadi. Bu an’ana emas, bu qadriyat.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar madaniyat va san’atning jamiyat hayotidagi o‘rni va ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tishdi.

Bayramning eng ta’sirli lahzalaridan biri soha fidoyilarini taqdirlash marosimi bo‘ldi. Bir qator xodimlarga tashakkurnomalar va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tadbir konsert dasturi bilan davom etdi. Yangragan kuy-qo‘shiqlar va raqslar barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. “Madaniyat o‘lmasin” shiori esa tadbirning mazmun-mohiyatini yanada chuqur ifoda etdi.
– Bugun yurtimizda madaniyat va san’at ahliga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor, ayniqsa, Sirdaryo viloyatida bu sohaga qaratilayotgan g‘amxo‘rlik va imkoniyatlar yil sayin ortib borayotgani barchamizni quvontiradi. Bu e’tibor ijodkorlarni yanada ruhlantirib, milliy madaniyatimizni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Respublikamizda, qolaversa Sirdaryoda bayram munosabati bilan o‘tkazilayotgan tadbirlar, yoshi ulug‘ ustoz san’atkorlarimizga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va ehtirom ham ana shu ezgu ishlarimizning uzviy davomi, desak adashmaymiz, – deydi Sirdaryo viloyat madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Husniddin Mamatov.
Darhaqiqat, madaniyat — millat ko‘zgusi. U bor joyda ma’naviyat, taraqqiyot va barqarorlik bo‘ladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri