Zararli chigirtkaga qarshi kurash tadbirlari boshlandi (+video)
Zararli chigirtkalarning tarqalishi mart-aprel oylariga to‘g‘ri kelib, aynan shu muddatda ilk kimyoviy kurash tadbirlari boshlanadi. Mamlakatimizda zararli chigirtkaga qarshi kurashni samarali va o‘z vaqtida olib borishga O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining Chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurash xizmati mas’ul bo‘lib, har yili kuzgi va bahorgi kuzatuvlar natijalariga ko‘ra prognoz ko‘rsatgichlari shakllantiriladi.
Mazkur o‘rganishlar natijalariga ko‘ra, joriy yilda 652 ming gektardan ziyod maydonda zararli chigirtka tarqalishi taxmin qilinmoqda. Biroq bu ko‘rsatgichlar o‘zgarishi mumkin.
- Respublikamizda chigirtkaning 200 ga yaqin turi tarqalgan bo‘lib, shundan 8-10 turi qishloq xo‘jaligi ekinlariga, yaylovlarga va o‘simliklarga katta zarar yetkazishi mumkin, - deydi O‘simliklar karantini va himoyasi ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy xodimi Bahrom Jalgasov. – Italiya chigirtkasi, Osiyo chigirtkasi keng tarqalgan. Kunlik harorat yig‘indisi 10 darajaga yetib isiganda, Marokash chigirtkalari lichinkasi ko‘zachalaridan chiqishni boshlaydi. Bahorning iliq kelishi bu chigirtkalarning rivojlanishi uchun qulay muhit hisoblanadi.
Chigirtkaga qarshi kurash tadbirlari odatda Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand va Jizzax viloyatlaridan boshlanadi. Mavsum avvalida hududlarda dala seminarlari tashkil etilib, yilni betalofat o‘tkazish, kimyoviy vositalardan samarali foydalanish, aniqlangan to‘dalarni o‘z vaqtida bartaraf etish yuzasidan vazifalar belgilab olinadi. Jizzax viloyatining Zomin tumanidagi seminarda ham mazkur jihatlarga e’tibor qaratildi.
- Jizzax viloyatida 2026-yilda qor kam yoqqanligi sababli chigirtkalarning tuxum qo‘yishiga qulay sharoit tug‘ildi, - deydi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi Jizzax viloyati Chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurash xizmati bosh agronomi Erkin Odilov. – Bu yil 98 ming gektardan ziyod maydon bashorat qilingan bo‘lib, shu kungacha 4 ming gektardan ortiq maydonda kimyoviy ishlov o‘tkazildi. Bunda 11ta hududda 12ta shtab tashkil qilingan.
Bugungi kunda zararkunandalarga qarshi kurash tadbirlarini samarali tashkil etish uchun 1300 dan ortiq texnika shay holatga keltirilgan. Shuningdek, tizimga zamonaviy yondashuv ham joriy etilmoqda.
Chigirtka — qishloq xo‘jaligi uchun xavfli zararkunandalardan biri bo‘lib, qisqa vaqt ichida katta maydonlardagi ekinlarga jiddiy zarar yetkazishi mumkin. Shu bois, uning tarqalishini erta bosqichda aniqlash va zudlik bilan chora ko‘rish muhim hisoblanadi. Bu borada agentlik tomonidan Chigirtka xizmatining kecha-yu kunduz faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Wiqz6W3mcIg" title="O‘zbekistonda sayyohlar uchun ishonchli muhit yaratilgan" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA