Haq so‘zga ehtiyoj so‘nmaydi
-
***

O‘zAning Farg‘ona viloyati bo‘yicha sharhlovchisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Muhammadjon Obidov bugun 75 yoshga to‘ldi. Ustoz maqomidagi hamkasbimizni jamoamiz nomidan tavallud kuni bilan tabriklar ekanmiz, u kishiga hamisha jo‘shqin ilhom va mustahkam sog‘liq tilaymiz.
M.Obidov qalamiga mansub e’lon qilayotganimiz yangi maqola ham sizni jurnalist kasbi, OAVning kelajagi haqida yana bir bor o‘ylash, mulohaza yuritishga undaydi.
***
Tavba, hamisha harakat, tashvish va quvonchda o‘tgan umrga, bosib o‘tilgan yo‘lga qarab ham qo‘ymabmana... Jurnalist sifatida imzo chekib, birinchi bor ish haqi olganimga ham 54 yil, pochtadan qalam haqi kelganiga esa 63 yil bo‘libdi. Jurnalist uchun aslida ishlagan yillarini aks ettiruvchi raqamlar emas, u qanday ishlagani, undan elga, yurtga foydasi tekkan nima qolgani muhim.
Jurnalist kim u? Rasmiy hujjatlarda qayd etilganidek, “Axborot izlovchi, qayta ishlovchi va tarqatuvchi”mi? Bu ham kerak. Ammo u, avvalo, jamiyatning ko‘zi. Parda ortidagi voqelik va holatlarni ham payqay oladigan ko‘z! U imo-ishoradan tovush topib, tinglay oladigan quloq! Jurnalist o‘zini ko‘rib-ko‘rmaslikka, eshitib-eshitmaslikka olishga haqqi yo‘q. Uni jamiyatga ko‘rsatishi, eshittirishi shart! Shundagina xolislik, haqgo‘ylik, adolat kabi tushunchalar to‘laqonli ma’no kasb etadi. Chunki jurnalistning vijdoni – haqiqatning ko‘zi.
Ammo mening, hamkasblarimning vijdoni, jurnalistik vijdoni hamisha ham haqiqatning ko‘zi bo‘la oldimi?
Faoliyatim davomida mendagi haqiqat ko‘zi necha-necha bor zarbalarga uchramadi. Yolg‘on ma’lumotlar bilan feleton chop etdilar, tuhmat, isboti yo‘q “dalillar” to‘qib, jinoiy ish qo‘zg‘atdilar. Necha bor hukumat idoralarida muhokama bo‘ldim. Bir insonga tuhmat qilishga majburlab bosim qildilar. Mutlaqo asossiz kamsitish, jamiyatdan chetlatish, hatto vazifamdan ozod etish kabi xo‘rlangan kunlarni ham ko‘rdim. Va, ne baxtki, Yaratganning hizbu himoyasi va hayotda adolatli insonlar borligi tufayli har gal g‘olib chiqdim. Amaldorlar talabi bilan qo‘zg‘atilgan jinoiy ishlar ularning, noqonuniy qabul qilgan qarorlari, adolatsiz buyruqlari... bekor qilindi. Lekin, inson degan mavjudodning fe’li o‘zgacha ekan. Yiqitishgan joyidan turib yana o‘sha, qoniga singgan ruh ko‘rsatgan yo‘ldan davom etaverar ekan. Bilmadim, bunday hayot tarzi faqat elga ko‘z-quloq bo‘laman degan jurnalistgagina xosmikan? Holbuki, necha bor “jar”ga qulatganlarida, bas, endi bu kasbni tark etaman, degan iztirob vujudimni qiynoqqa solgan. Ammo vijdon yo‘liga, amriga qarshi turib bo‘lmasdi. Yana va yana bolalikda tanlagan yo‘ldan qolmasdim.
Atrofga qarayman. Men kabilar bir emas. Garchi, taqdirlar turlicha bo‘lsa-da, bir yo‘ldan borayotgan, sochlari oqargan, ust-boshlari uniqqan, sog‘lig‘i ham bir qadar, ammo ko‘zlari, qalbida olov alangasi taftidan “haqiqat”, “adolat”, “xolislik” deb ataluvchi harorat taralayotgan hamkasblarimni ko‘raman. Ular ko‘p bo‘lmasa-da, muhimi – bor! Demak, jurnalistika uyg‘oq, u yashaydi, davom etadi.
Taqdirni qarangki, men televideniye, gazeta, internet deb atalmish ommaviy axborot vositalari – barchasining ko‘chasini kezdim. Balki, shuning uchunmi, ularning yutuqlarini ham, og‘riqlarini ham yuragimdan o‘tkazaman.
Bu kunlar o‘tar ketar, deya o‘zimni ovutaman. Ammo ... gazetalar adadi, obuna jarayoni, shu sohaning fidoyi jurnalistlari ayanchli ahvolga tushib qolganini ko‘rish, kuzatish qanchalar iztirobli. Buning boisi – ko‘pchilik gazeta o‘qimay qo‘ydi! Kechagina emasmidi, davriy nashrlar sotiladigan do‘koncha oldida turnaqator navbatda turilgani? Kechagina emasmidi, yetakchi, o‘qimishli gazetalar 23-25 million aholisi bo‘lgan mamlakatda bir milliondan ziyod adadda chop etilgani? Kechagina emasmidi, gazetada bosilgan tanqidiy - tahliliy maqolalar oliy rahbariyatda muhokama bo‘lgani? Yo‘q, men o‘tmishni qo‘msashdan yiroqman. Ammo hayot haqiqatidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi.
“Televideniyeda shunday deyishdi”, der edi aholi biror mavzuda bahslashsa. U teleaxborotni kuzatar va unga ishonar edi.
Endi-chi? Mamlakat miqyosidagi gazetalar adadi (3-4 ta hukumatga doxil nashrlarni hisobga olmaganda) 3-4ming nusxa atrofida.
Televizorni ko‘ruvchilar soni kundan-kun kamayib boryapti.
Nima bo‘ldi o‘zi? Smartfon barchani “sexrlab” qo‘ydi. Hali yurolmaydigan va bir so‘z aytolmaydigan chaqaloq ham undan multfilm ko‘radi, o‘yin o‘ynaydi.
Oila a’zolari bir dasturxon atrofida o‘tirsa-da, barchasining “o‘z virtual olami” bor. Muloqot, tarbiya, mehr-muruvvat o‘rnini o‘sha “sehrgar” egalladi.
Bu g‘oyat ayanchli va o‘n yillarda ham o‘nglab bo‘lmas salbiy oqibatlarga olib keladigan ofat! Birgina misol. Smartfon tufayli savodsizlik avj olyapti. Savodni maktabda o‘rgatishadi-ku, demang, savod yozish va o‘qish tufayli shakllanadi.
Gazetalar soni va adadi qisqarishi, internet jurnalistikasi kengayishi tahliliy jurnalistikaga tahdid bo‘ldi. Hamkasblar orasida axborot yozish bilan chegaralanib, tahliliy-tanqidiy maqolalar, surishtiruv, ocherk janrlarida qalam tebratadiganlar kamayib boryapti.
Bosma nashrlardagi obuna bilan bog‘liq ish haqining darajasi jurnalistning kasbini o‘zgartirishiga, masalan, axborot xizmatlariga o‘tib ketishiga sabab bo‘lyapti. Bu ham jurnalistikamizga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
So‘nggi yillar o‘zbek jurnalistikasida murosasozlik an’anasi mustahkamlandi. “XXI asr”, “Ishonch”, “Milliy tiklanish”, “Hurriyat” kabi sanoqli nashrlardan tashqari bosma OAVlari “olqishlovchi” va “xabarchi”ga aylanib qoldi. Go‘yo ular davlat, xalq manfaatlariga zid voqelik, korrupsiya, poraxo‘rlik, mas’uliyatsizlik, qo‘shib yozish kabi holatlarni “sezishmaydi”. Bu, avvalo, kasbiy axloq me’yorlariga mutlaqo ziddir. Jurnalist ko‘rib, bilib turgan hodisalarga befarq bo‘lishga haqqi yo‘q. Ammo bir qator sabablar, jumladan, muammo qolib, uni ko‘tarib chiqqan jurnalist shaxsi bilan shug‘ullana boshlaganlari tufayli kasbiy talab, axloq me’yorlarida o‘zgarish ro‘y berdi. “Menga nima, buni baribir hal etib bo‘lmaydi, kattalarga yomon ko‘rinib nima qilaman”, kabi tushunchalar singib boryapti, qalam ahliga.
O‘zbek media matbuotidagi yana bir og‘riqli nuqta shundaki, dezinformatsiya, soxta yangiliklarga qat’iy munosabat, ma’muriy javobgarlikni qo‘llash kamdan-kam uchraydi. “Falonchi ishdan bo‘shatildi”, “Pistonchi chet elga qochib ketibdi” kabi axborotlar yolg‘onligi tez orada oshkor bo‘lyapti. Lekin “yolg‘onchi” OAVlarga hech narsa bo‘lmayapti. Na raddiya, na uzr va unga nisbatan jazo... Oqibatda o‘sha axborot tarqatuvchi mas’uliyat, javobgarlik hissi kabi qadriyatlardan uzoqlashmoqda. Bu esa hech shubhasiz “feyk” ustalarini rag‘batlantirishdir.
Ollohga shukrki, zamonamiz tinch. Osmonimiz musaffo. Bu balandparvoz gaplar emas. Tinchlikning qadrini tashvishli kunlarda chuqur his qiladi inson.
2000-yil Sarosiyo va Uzun tumanlariga jangarilar guruhi bostirib kirganida bir oy davomida har kuni jang maydonlaridan reportaj berib bordim. Tasvirchi Shuhrat Mirzakarimov bilan xavf-xatarli holatlarda ishladik. Otishmalar chog‘i voqelikni tasmaga muhrladik. Orada intervyular oldik. O‘shanda har ikki tomondan ham halok bo‘layotganlarni, dushmanning chekinish chog‘i tashlab ketilgan jasadlarini ko‘rdim, ularni ham tasvirga tushirdik. Ba’zida askarlarga yordamlashib, jar ichi, o‘rmonzorlardan choyshabga solingan murdalarni tepalikka, vertolyotgacha olib chiqishda yordamlashdim. Bu mudxish, ko‘ngilsiz voqeliklarning videotasvirlari televideniye arxiviga topshirilgan. Bir qismi o‘sha kunlariyoq “Axborot” dasturida ko‘rsatildi. O‘shanda men jangovar harakatlarning borishi haqidagi har bir so‘z va tasvirni xalq intiqlik bilan kutib, kuzatib turganini qalban his qilib, zimmamda, balki taqdirimdagi eng mas’uliyatli kun va soatlarni boshdan kechirayotganimni bilar edim. Maqtanishga yo‘ymang, bir soniyada biz ham marhumlar qatorida bo‘lishimiz mumkin edi...
Tasvirchi va men xavfli hududlardan telereportajlar tayyorlash tajribasiga ega bo‘lganimiz uchun ham Sarosiyoga aynan bizni yuborishgan. 1999-yilda uch oy davomida Batken (Qirg‘iziston) tog‘laridagi jangovar harakatlar manzillaridan reportajlar berib turganmiz. Keyinroq, Afg‘onistonni AQSH bombalagan chog‘da general Do‘stim himoyasida ishladik.
Tinch davrlarda ham xavfli hududlar: Mingbuloq neft favvorasi, Shohimardonni sel olayotgan kunlar, Boysun gaz konidagi texnogen avariya... Ularning har birini jurnalist qismati deb qabul qilganman. Bunday holatlarda axborot olish, qayta ishlash, tarqatish 50 yillik faoliyatimdagi eng mas’uliyatli davr bo‘ldi. Buni anglab, bir so‘z aytib, bir tasvir ko‘rsatardim. Efir ortida qancha tasviru gaplar qolib ketgan... Ular Vatan manfaati, xalq kayfiyati, jurnalistik axloq tufayli edi.
Jurnalist faqat axborot tarqatuvchigina emas, uning har bir voqelik, dalilga nisbatan o‘z munosabati bo‘lishi kerak, deb hisoblayman. Ammo bu munosabat, avvalo, Vatan manfaatiga mos tushishi lozim. Hayot yo‘lim kasbim bilan bog‘liq juda ko‘p mashaqqatli so‘qmoqlardan o‘tdi. Saboq bergan, amaliyotda qayta tarbiyalagan ustozlarim To‘g‘on Ernazarov, Elbek Musayev, otam Dolimjon Obidov jurnalist har qanday sharoitda ham haq gapni aytishi kerak, deb uqtirdilar. Umr bo‘yi shu o‘gitga rioya qildim. Xolislik, adolat, vatanparvarlikni qalbim qoidasiga aylantirdim. Mehnatimga yarasha qadr topdim, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist” faxriy unvoni berishdi, Oliy Majlis deputatligiga saylandim, “Oltin qalam” milliy mukofoti, “Do‘stlik” ordeniga loyiq ko‘rildim.
Ammo... bu yo‘l oson kechmadi. Necha bor turtildim, surildim, chetlatildim. Vazirlar Mahkamasida muhokama qilinib, vazifasidan ozod qilingan jurnalist ham balki yolg‘iz mendirman. Qalbim ozorlarga to‘lib toshganida buni qismat deb bildim, o‘zimda kurashishga kuch, iroda topdim.
“Farg‘ona haqiqati” gazetasida muxbirimizning Sho‘rsuvdagi og‘ir ekologik vaziyat haqidagi tahliliy maqolasini navbatdagi songa qo‘ydik. Sarlavha menga yoqinqiramadi. Bunday dalillar va tahlilga asoslangan maqola darhol o‘quvchini o‘ziga tortishi lozim edi. Men uni “Sho‘rsuvliklarning sho‘ri qurimaydi, agar...” deb o‘zgartirdim. Gazeta chop etilgach, maqola tilga tushdi. Telegramm kanalimizda ko‘rgan hamkasblarimiz uni “Milliy tiklanish” va “Ishonch” gazetalarida ko‘chirib bosdilar. “Shov-shuv” ko‘tarildi. Komissiyalar kela boshladi, poytaxtdan. Shunda mamlakat idoralarining biri rahbari “Albatta, muammo ochib berilgan, ammo maqola sarlavhasidagi “sho‘ri qurimaydi” so‘zlari meni tinch qo‘ymadi”, dedi.
Jurnalist voqelikni ifodalashda so‘z tanlash mahoratini ishlatishi, tilimizdagi boy zaxiradan o‘rinli foydalanishi zarur. Buning uchun esa imlo lug‘ati, izohli lug‘at, badiiy asarlarni har doim o‘qib borishi talab qilinadi.
Jurnalist haq so‘zi uchun bosimga uchrash hollari kuzatiladi. Bosimning ko‘rinishlari turlicha. Men hayot va faoliyatim davomida ularga dosh berishga harakat qildim. Chidadim. Tarjimai holimni tilka pora qildilar. Sabr bilan kutdim.
Har gal tanqidiy ko‘rsatuv yoki maqola e’lon qilishdan avval bitta muhim “negativ” dalilni saqlab qolaman. Ana shunday paytlarda u asqatadi.
Ochig‘i, muammo qolib, aynan muallif bilan shug‘ullana boshlaganlarida ruhiy tushkunlikka uchrayman. O‘zimda o‘ta toliqish sezaman. Ba’zida ma’lum muddat yozmay qo‘yaman. Adolatsizlik, natijasizlik qalbimni jarohatlaydi. O‘zimni mag‘lublardek tutaman. Shunday paytlarda bir so‘z – muxlis, o‘quvchi, tomoshabinning daldasi meni “davolaydi”: “Ko‘rdim” yoki “O‘qidim, haq gapni aytibsiz”, degan. Bundan ortiq e’tirof bormi? Aslida shu yurt, el manfaati uchun tavakkal qilib, “boshni kundaga qo‘yib”, o‘sha satrlarni yozasan, tasvirlarni oshkor qilasan. Ular buni yoqlayaptimi, demak sen g‘olibsan! Bundan ortiq baxt, quvonch bormi jurnalist uchun?
Bu jamiyat talabi. U hech qachon o‘zgarmagan. Hamisha haqiqatni, haq so‘zni kutgan o‘quvchi. Hozir ham shundaymi? Nazarimda jurnalistga jamiyat talabi susayib borayotgandek, ishonch yo‘qolayotgandek. Buning asosiy sababi – jurnalist so‘ziga bo‘lgan munosabat, u ko‘targan muammoga rasmiylar yondashuvi. OAVlar harchand bong urmasin, mas’ullar muammoni hal qilmas ekan, xalqda jurnalistikaga ishonch yo‘qolib boraveradi. Bu davrning eng og‘riqli masalalaridan biri, deb hisoblayman. Istiqbol-chi? Qanchalar umidbaxsh bo‘lmay, jamiyat, davlat jurnalist aytgan xaq so‘zga xolis munosabatda bo‘lmas ekan, bunday jurnalistikaning kelajagi majruh.
Yaqinda Xitoyda bo‘ldim. Pekindagi Xalq kutubxonasida sun’iy intellekt bilan savol-javob qilish imkoni yaratilibdi. Qiziq, har bir savolga sun’iy intellektdan javob topa olsak, unda vaqti kelib, umuman, OAVlar kerak bo‘lmay qolmaydimi?! Chunki yil sayin axborot olishning texnik imkoniyatlari kengayib boryapti. Bu ketishda sun’iy intellektdan har bir fuqaro to‘g‘ridan-to‘g‘ri foydalana oladigan vaqt juda tez yetib keladi-ku! Ammo hech qachon, hech qanday SI insoniy his-tuyg‘u, mehr va g‘azab, hamdardlik va qasos kabi yana ko‘plab ruhiy holatlarni anglay olmaydi. Demak, uning “xulosa”lari quruq, faqat raqamli dasturlargagina asoslanadi. Hayot esa jonli evolyutsiya, aslo raqamli texnologiya emas. Demak, hali insonning muloqot, hayotiy tuyg‘ulariga asoslangan jurnalistika yashaydi. Fikr, axborot almashuv jurnalistikasi, uni tarqatuvchi jurnalist kasbi yo‘qolmaydi.
Biz qaysi zamon, qaysi siyosiy tuzum, qaysi davlat rahbari davrida yashamaylik xaq so‘z, xolis fikr, adolatga ehtiyoj so‘nmaydi va u hayot, biz nafas olayotgan havo kabi abadiydir.
Muhammadjon Obidov,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist.
O‘zA