Sardobada sanoat salohiyati va ishlab chiqarish imkoniyatlari tahlil qilindi
O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Gavhar Olimova Sardoba tumanida joylashgan “Sardoba universal klaster” MCHJ faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif davomida korxonada yo‘lga qo‘yilgan ishlab chiqarish jarayonlari, mavjud quvvatlar hamda sanoat salohiyati atroflicha tahlil qilindi. Xususan, paxta xomashyosini chuqur qayta ishlash asosida ip-kalava, gazlama va tayyor tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqarish tizimi samarali yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi.

Bugungi kunda klasterda 600 ga yaqin ish o‘rni yaratilgan bo‘lib, bu aholi bandligini ta’minlash va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, korxonada qo‘shimcha qiymat zanjirini kengaytirishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda.

Jumladan, chorva uchun ozuqa tayyorlash, paxta yog‘i va maishiy sovun ishlab chiqarish hamda ularni eksport qilish yo‘lga qo‘yilgani hudud iqtisodiyotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Tashrif chog‘ida yangi tashkil etilayotgan yo‘nalishlar — ichimlik suvini filtrlash va qadoqlash sexi, shuningdek, issiq non ishlab chiqarish va yetkazib berish tizimi ham ko‘zdan kechirildi. Ushbu loyihalar aholini sifatli va arzon mahsulotlar bilan ta’minlash bilan birga, yangi ish o‘rinlari yaratish imkoniyatlarini ham kengaytirishi qayd etildi.

Deputat ishlab chiqarishni yanada diversifikatsiya qilish, texnologik modernizatsiyani kuchaytirish hamda mahalliy bozor va eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha taklif va tavsiyalarini bildirdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri