"Boysun bahori"ga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi
Boysun tumanidagi turizm majmuasida "Boysun bahori" xalqaro folklor festivaliga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Turizm qo‘mitasi, Surxondaryo viloyati hokimligi mutasaddilari, shuningdek, festivalda ishtirok etayotgan xorijiy delegatsiyalar va folklor jamoalari, ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar hamda faollar ishtirok etdi.
Mahalliy va xorijlik jurnalistlar, blogerlar ishtirok etgan anjumanda Surxondaryo viloyati hokimligining axborot xizmati rahbari – davlat tili bo‘yicha maslahatchisi Murodbek Davlatov joriy yil o‘n uchinchi marta o‘tkazilayotgan xalqaro festival turli millat va elat vakillari o‘rtasida madaniy muloqotni kengaytirib, o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlash, Surxon vohasining jozibador turistik salohiyati, boy nomoddiy madaniy merosini jahonga keng targ‘ib etishga xizmat qilayotganini qayd etdi.
Sayyoramiz xalqlarining moddiy va ma’naviy merosini ulug‘layotgan festivalning xalqaro maydondagi nufuzi, milliy madaniy merosimizni asrab-avaylash, keng targ‘ib etishdagi o‘rni va ahamiyati haqida atroflicha so‘z yuritdi. Dunyo tamadduni beshiklaridan biri bo‘lgan Boysunning boy folklor san’ati, etnomadaniyati va turistik salohiyati to‘g‘risida fikr almashdi. Bir hafta davom etadigan xalqaro festivalni yuqori saviyada tashkil etish, mehmonlar va ishtirokchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, xalqaro ko‘rik-tanlovni o‘tkazish tartiblari xususida ma’lumot berdi.
[gallery-29125]
Matbuot anjumanida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, Jonibek Qo‘zimurodov (surat), O‘zA