Samarqandda robot yordamida operatsiya o‘tkazildi
Respublika ixtisoslashgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand viloyati filialida ilk bor robot texnologiyasi yordamida jarrohlik amaliyotlari o‘tkazishga kirishildi.
Xitoydan keltirilgan zamonaviy uskunada mahalliy va xitoylik shifokorlar hamkorligida ikki nafar bemorning chanoq-son bo‘g‘imi bilan bog‘liq xastaligi operatsiya qilindi.
– O‘tgan yili Xitoyning bir qator shaharlaridagi tibbiy muassasalarda malaka oshirib, zamonaviy texnologiyalari yordamida jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish, sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha tajriba o‘rganib keldik, – deydi Respublika ixtisoslashgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali bosh shifokori Oybek Mamatqulov. – Malaka oshirish barobarida xitoylik hamkasblarimiz bilan hamkorlik bo‘yicha kelishuvlarga ham erishgandik. Jumladan, robot texnologiyasi yordamida jarrohlik amaliyotlarini bajarish yuzasidan hamkorlik qilishga kelishgandik. Ana shu kelishuv asosida muassasamizda bugun ilk bor robot texnologiya yordamida bemorning chanoq-son operatsiyasini muvaffaqiyatli o‘tkazdik.
Mutaxassislarning qayd etishicha, yangi texnologiya yordamida o‘tkazilgan jarrohlik amaliyoti yuqori aniqlikda amalga oshirilishi bilan ajralib turadi. O‘tgan yil filialda 9,5 ming nafar bemorda jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan va bu operatsiyalarning 6,5 tasi laparoskopik usulda bajarilgan. Bu usul jarohat o‘rnining tez bitishi va bemorning qisqa muddatda salomatligini tiklashiga yordam berishi bilan samarali hisoblanadi. Endilikda robot yordamida o‘tkaziladigan operatsiyalarda davolanish muddati yana ham qisqaradi va samaradorlik oshadi.
[gallery-29078]
– Xitoyda va boshqa ko‘plab xorijiy davlatlarda bir necha yildan buyon robot texnologiyalari yordamida operatsiyalar amalga oshiriladi, – deydi Pekin universiteti professori Sian Hua. – Ushbu texnologiyaning qulayligi avvalo asoratlar kam bo‘ladi, shuningdek, har bir operatsiya bemorning individual ko‘rsatkichlari hisobga olingan holda, aniq reja asosida o‘tkaziladi. Jarrohlik amaliyotidan so‘ng bemorning reabilitatsiya davri ham an’anaviy usuldagi operatsiyadagidan ko‘ra ancha qisqaradi va u bir necha kun erta oyoqqa turadi.
Samarqand viloyati hokimligi va tibbiyot sohasi mas’ullari yangi usulni qo‘llash jarayonlari bilan tanishdi hamda xitoylik shifokorlar bilan muloqot qildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari