"Uzcosmos" xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqmoqda
Bugungi kunda kosmik sohadagi raqobat va texnologik taraqqiyot davlatlardan nafaqat ichki salohiyatni, balki xalqaro hamkorlikni ham izchil rivojlantirishni talab etmoqda. Shu ma’noda, O‘zbekistonning kosmik sohadagi sa’y-harakatlari global maydonda o‘z o‘rnini mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatli.
"Uzcosmos" agentligi rahbariyati “China Space Day 2026” xalqaro forumi doirasida qator hamkor tashkilotlar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Xususan, Xitoy Milliy kosmik administratsiyasi (CNSA), Osiyo-Tinch okeani kosmik hamkorlik tashkiloti (APSCO), “Roskosmos” davlat korporatsiyasi, shuningdek, Star.Vision, CGWIC, CASC va CAST kompaniyalari vakillari bilan muzokaralar olib borildi.
Uchrashuvlar davomida kosmik sohada yirik va tizimli loyihalarni amalga oshirish, sun’iy yo‘ldoshlarni ishlab chiqish va uchirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralarda Yerni masofadan zondlash bo‘yicha milliy sun’iy yo‘ldoshlar guruhini yaratish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Shu bilan birga, Xitoyning Star.Vision kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilayotgan va joriy yil may oyida uchirilishi rejalashtirilgan “Samarqand 2028” sun’iy yo‘ldoshi loyihasi bo‘yicha tayyorgarlik ishlari hamda mazkur yo‘ldosh uchun O‘zbekiston tomonidan yaratilayotgan sun’iy intellekt modulini integratsiya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, Xitoyning ilg‘or oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma ta’lim dasturlari, ilmiy almashinuv va stajirovkalarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari ham o‘rganildi.
Ushbu uchrashuvlar O‘zbekiston kosmik sanoatida yirik istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish va milliy kosmik salohiyatni mustahkamlashga xizmat qiladi.
N.Rahmonova, O‘zA