Kitobxon bolalar zukkolikda bellashdi
Samarqandda bolalar o‘rtasida kitobxonlikni ommalashtirishga qaratilgan “KITOBXON KIDS” tanlovining hududiy bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbarining shu yil 15-yanvardagi “Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi o‘rtasida kitob o‘qishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Yoshlar ishlari agentligi va O‘zbekiston bolalar tashkiloti tomonidan o‘tkazilayotgan tanlovda tuman va shaharlardan saralab olingan iqtidorli o‘quvchilar 7-10 va 11-14 yoshlilar toifalarida ishtirok etdi.



Yosh avlodning kitobga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularning mutolaa madaniyatini shakllantirish hamda ma’naviy yetuk, keng dunyoqarashga ega bo‘lgan barkamol shaxslar etib tarbiyalash maqsadida tashkil etilgan tanlov jarayoni Mutolaa ilovasi orqali test topshirish shaklida o‘tkazildi va unda ishtirokchilarning bilim va tafakkuri test hamda kvest topshirig‘i asosida baholandi. Mazkur sinov usuli yoshlar o‘rtasida raqamli texnologiyalarni ommalashtirish hamda baholashda to‘liq shaffoflikni ta’minlashga xizmat qildi.



Tanlov natijalariga ko‘ra, 7-10 yoshlilar toifasida Fayozbek Muhiddinov, 11-14 yoshlilar orasida esa Jasmina Xolmurodova birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi va tanlovning mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari