Mahalla tizimi vakillarining davlat boshqaruvi bo‘yicha bilim va ko‘nikmalari mustahkamlanmoqda
Senatda Toshkent shahar hokimligi huzuridagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kursi tinglovchilari uchun navbatdagi o‘quv seminari tashkil etildi.
Tinglovchilarga Senat faoliyati, uning tashkiliy tuzilmasi, shuningdek, qonun ijodkorligi jarayonidagi o‘rni va ahamiyati haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Bu orqali mahalla tizimi vakillarining davlat boshqaruvi institutlari faoliyati to‘g‘risidagi bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.
Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi a’zosi Malika Qodirxonova mahalla institutini rivojlantirish, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlashning ahamiyati bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.

Yoshlar, xotin-qizlar va keksalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan tinglovchilarning fikr-mulohazalari va amaliy takliflari keng muhokama qilindi.
Aytib o‘tish joizki, Senat qo‘mitalari hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslari tinglovchilari o‘rtasida izchil hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu hamkorlik doirasida senatorlar ishtirokida muntazam ravishda amaliy seminarlar tashkil etib kelinmoqda.
N.Abduraimova, O‘zA