Qalblarni titratgan she’riyat
So‘z qudrati ulug‘langan, she’r inson ruhiyatining eng nozik torlarini chertib, ma’naviy xazinaga aylangan yurtda adabiyotga oshno avlodni voyaga yetkazish ezgulikka qo‘yilgan mustahkam poydevordir. Zero, she’riyat faqat qofiya emas, balki qalblarni nurga to‘ldiruvchi, tafakkurni yuksaltirib, hayotni teran anglashga undovchi sehrli kuchdir.
Ana shunday yuksak ma’naviy ruh va nafosat bayrami Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahridagi 18-sonli umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tdi. Maskanda mahoratli yosh shoirlar Sohibjamol Sirg‘abayeva va Abdurahmon Koylibayev bilan tashkil etilgan ijodiy uchrashuv haqiqiy adabiyot bayramiga aylandi.
Ushbu ma’rifiy muloqot o‘quvchi-yoshlarning adabiyot olamiga bo‘lgan mehrini jo‘sh urdirib, ularning estetik didi va mustaqil fikrlash dunyosini boyitishga xizmat qildi. Uchrashuv davomida ijodkorlar o‘zlarining izlanishlari, she’r yozishning sirli lahzalari haqida dildan suhbat qurdilar. Badiiy so‘zning ta’sir kuchi va ijodning inson kamolotidagi beqiyos o‘rni haqida bildirilgan samimiy fikrlar har bir o‘quvchining qalbiga yetib bordi.

Tadbir jonli va samimiy muloqot maydoniga aylandi. Yoshlar kitob mutolaasining lazzati, ona tilimizning betakror jozibasi va ijodiy parvozlar borasida bebaho tavsiyalar oldilar.
Uchrashuvning eng hayajonli lahzalarida o‘quvchilar tomonidan ijodkorlarning she’rlari yuksak mahorat va mehr bilan ifodali o‘qildi. Savol-javoblar esa yoshlarning bilimga, she’riyatga bo‘lgan tashnaligini yaqqol ko‘rsatdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.