Peter Madyar: Prezident iste’foga chiqishi kerak (+video)
Vengriya prezidenti Tamash Shuyok Peter Madyarga yangi hukumatni shakllantirishni topshirdi. Madyar esa prezidentni lavozimidan ketishga chaqirdi, deb xabar berdi Euronews.
Parlament saylovida g‘alaba qozongan “Tisa” partiyasi rahbari Peter Madyar prezident Tamash Shuyokdan hukumat tuzish bo‘yicha rasmiy vakolat oldi. Bu haqda u prezident qarorgohida bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan keyin ma’lum qildi. Ular parlamentning inauguratsiya yig‘ilishi qachon va qanday tartibda o‘tishi bo‘yicha kelishib oldi.
Madyarning aytishicha, parlamentning birinchi yig‘ilishi taxminan 6–7-may kunlari bo‘lishi mumkin. Vengriya prezidenti va Peter Madyar texnik masalalar bo‘yicha to‘liq kelishuvga erishgan. Shundan so‘ng Madyar prezidentni iste’foga chiqishga chaqirgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “vengr xalqi faqat hukumatni emas, balki butun tizimni o‘zgartirish uchun ovoz bergan”. Madyar prezidentni qonun ustuvorligini himoya qilishga munosib emas, deb hisoblaydi va u demokratik tartibni himoya qilishda faol bo‘lishi kerak edi, deb ta’kidladi. Shuning uchun u prezidentdan demokratiyani saqlab qolish uchun o‘z xohishi bilan ketishni so‘radi. Agar u ixtiyoriy ravishda ketmasa, Madyar uni va boshqa amaldorlarni konstitutsion vakolat asosida lavozimdan chetlatishini aytdi.
Madyarning aytishicha, Shuyok bu gaplarga o‘ylab ko‘rishini bildirgan. U Vengriyada qonun ustuvorligini saqlash va mamlakatning xalqaro obro‘sini himoya qilishni xohlashini aytgan.
Shuningdek, Madyar prezidentdan lavozimni tark etayotgan bosh vazir Viktor Orban bilan muzokaralarda vositachi bo‘lishni so‘ragan. Bu muzokaralar davomida eski hukumat yangi hukumatga mamlakatdagi vaziyat haqida to‘liq ma’lumot berishi, muhim masalalarni kelishib olishi va zarur qarorlar qabul qilishi kerak. Ayniqsa, energiya xavfsizligi kabi dolzarb masalalarga e’tibor qaratilgan.
Vengriya konstitutsiyasiga ko‘ra, prezident parlament tomonidan saylanadi va uning vakolatlari asosan ramziy hisoblanadi, lekin u qonunlarga rioya etilishini nazorat qilishda ham muhim rol o‘ynaydi.
Avvalgi prezidentlar va amaldagi Tamash Shuyok Viktor Orban hukumatini qo‘llab-quvvatlab kelgan. G‘alaba nutqida ham Madyar uni iste’foga chaqirgan.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/STynKaLHOc4" title="Nafosat festivalini mehr bilan ekkan gullarim bilan kutib olaman — Umida Nurboyeva" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>K.Bekjonov, O‘zA