O‘yinchoqlarning bolalar salomatligiga xavf tug‘dirishi aniqlandi
Qashqadaryo viloyati Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi mutaxassislari tomonidan Toshkent shahridagi "A.S" MCHJga qarashli savdo tarmog‘ida nazorat xaridi amalga oshirildi. O‘rganishlar davomida Xitoyda ishlab chiqarilgan “BIRDS ANIMAL” nomli bolalar plastik o‘yinchog‘ining sifati va xavfsizligi ko‘zdan kechirildi.
Laboratoriya sinovlari natijalariga ko‘ra, mazkur mahsulot “Bolalar o‘yinchoqlarining xavfsizligi to‘g‘risida”gi texnik reglament talablariga javob bermasligi aniqlandi. Xususan, o‘yinchoqning yuza qismi tashqi ta’sirga chidamsiz bo‘lib, bu holat bola salomatligi uchun jiddiy xavf tug‘diradi. Mutaxassislarning xulosasiga ko‘ra, ushbu nuqsonlar bolalarda toksik va allergik kasalliklarning kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Ushbu holat O‘zbekiston Respublikasining “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”gi qonuni talablariga zid keladi. Aniqlangan qonunbuzarliklarni bartaraf etish hamda xavfli mahsulotlarning keng tarqalishini oldini olish maqsadida "A.S" MCHJ savdo tarmog‘iga tegishli taqdimnoma kiritildi. Unga ko‘ra, talablarga javob bermaydigan “BIRDS ANIMAL” plastik o‘yinchoqlari savdodan chiqariladi.
Hamroz Bayonov,
O‘zA