Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
“KITOBXON KIDS” tanlovining Toshkent viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.
E’tiborlisi, yoshlar o‘rtasida raqamli texnologiyalarni ommalashtirish hamda baholashda to‘liq shaffoflikni ta’minlash maqsadida hududiy bosqich jarayonlari bevosita “Mutolaa” onlayn ilovasi orqali bo‘lib o‘tdi. Unda tanlovning quyi bosqichlaridan saralangan yoshlar qatnashdi. Yakunda eng qisqa vaqtda eng ko‘p javob bergan 7-10 va 11-14 yosh toifasidagi ishtirokchilar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
***
Mudofaa tizimida olis hududlarda xizmat qilayotganlar va ularning oila a’zolarining salomatligiga e’tibor qaratilyapti. Xususan, Olmaliq shahrida joylashgan Toifalangan ob’ektlarni qo‘riqlash qo‘shinlari qo‘mondonligiga qarashli harbiy qism shaxsiy tarkibi uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
Olmaliq shahar tibbiyot birlashmasida o‘tkazilgan tadbirga tajribali terapevt, pediatr va boshqa tor soha mutaxassislari jalb etildi. Zamonaviy tibbiy uskunalar yordamida ishtirokchilar qon tahlili, UTT va EKG tekshiruvlaridan o‘tkazilib, kasalliklarni erta aniqlash hamda profilaktika qilish bo‘yicha zarur tibbiy maslahatlar berildi. Jarayonda jami 200 nafardan ortiq harbiy xizmatchi va ularning oila a’zolari malakali tibbiy xizmat bilan qamrab olindi.

***
O‘zbekiston Respublikasi “Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi hamda “Ekologik nazorat to‘g‘risida”gi qonunlarining tegishli moddalari ijrosini ta’minlash maqsadida mamlakatimiz bo‘ylab “Toza havo” oyligiga start berildi.
Mazkur sa’y-harakatlar doirasida Toshkent viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi Bekobod tumani hamda shahar bo‘limi, viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari hamkorligida Oybek postida avtotransport vositalari ekologik ko‘rikdan o‘tkazildi.

Unda transport vositalaridan atmosferaga chiqarilayotgan zararli gazlar miqdori maxsus asboblar yordamida o‘lchanib, belgilangan me’yorlardan ortiqcha chiqindi chiqarayotgan holatlar aniqlanmoqda. Qoidabuzarlarga nisbatan amaldagi tartibda choralar ko‘rildi.
A.Musayev, O‘zA