Nafosatga burkangan Bobur shahri
Bobur shahridagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida “San’at orqali milliy g‘urur va ma’naviy yuksalishga yo‘l” shiori ostida rassomlar festivali ochilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Festivalning ochilishida Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi, O‘zbekiston Xalq rassomi Akmal Nur yurtimizda tasviriy san’at rivojiga keng e’tibor qaratilayotganligi, Prezidentimiz tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan festivalning maqsadi, vazifasi va ahamiyati xususida so‘z yuritdi.
Tadbirda, O‘zbekiston tasviriy san’atini rivojlantirish va uning boy an’analarini keng targ‘ib etish hamda Bobur shahrida rassomlar festivalini tashkil etishdagi fidokorona xizmatlari uchun Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonovga O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Oltin medali topshirildi.
Davlatimiz rahbarining taklifiga asosan, 2025-yil 30-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Andijon viloyati Bobur shahrida rassomlar festivalini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori imzolanib, 2026-yildan boshlab har ikki yilda bir marta Bobur shahrida Rassomlar festivali o‘tkazilishi, ana shu qarar asosida ilk festival shu yil 18 – 22-may kunlari bo‘lib o‘tishi belgilandi.
[gallery-29483]
O‘ziga xos manzara yaratilgan Bobur shahrining “O‘zbekiston bog‘i”da ijodkorlar va faxriylar ishtirokida festival ramziy lentasi kesildi. Festival ishtirokchi va mehmonlari uchun badiiy dastur namoyish etildi.
Festival mehmonlari “Yangi O‘zbekiston bog‘i”dagi har bir viloyatga ajratilgan ko‘rgazma maydonlari, nominatsiyalar bo‘yicha ko‘rgazmalar bilan tanishdi. Kunning ikkinchi yarmida Bobur shahridagi Markaziy ko‘rgazmalar zalida mamlakatimiz taniqli ijodkorlarining tasviriy va amaliy san’at asarlari ko‘rgazmasi o‘tkazildi.
Ko‘rgazma ochilishida so‘z olgan mutasaddilar ishtirokchilarni festivalning tashkiliy masalalari, baholash mezonlari bilan tanishtirdi, rassomlar bilan dastlabki suhbatlar, “Nima uchun ushbu asar?” mavzusida muloqotlar o‘tkazildi.
– Festivalda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardan 200 nafardan ziyod tasviriy san’atning rang-tasvir, badiiy foto, haykaltaroshlik va grafika yo‘nalishlarida tajribali ijodkorlar ishtirok etmoqda, – deydi Badiiy ijodkorlar uyushmasi Andijon viloyat bo‘limi rahbari Rasuljon Ismonov. – Ayni paytda ular belgilangan ko‘rgazma maydonlariga o‘zlarining ijodiy ishlarini joylashtirgan. Ertadan ishtirokchilarning ijodiy ishlari ko‘rib chiqiladi.
Darhaqiqat, ijodkorlarning iste’dod, mahorat va salohiyatlarini yuzaga chiqarish uchun keng imkoniyatlar eshigini ochayotgan, qolaversa, yurtdoshlarimizga musavvir va amaliy san’at ustalari ijodi bilan yaqindan tanishtirish, go‘zal musavvirlik asarlaridan bahramand bo‘lish imkonini beradigan ushbu festival yuqori saviya va yuqori ko‘tarinkilik bilan boshlandi.
Dastur doirasida ijodiy asarlar ko‘rgazmalari, taniqli ijodkorlar ishtirokida mahorat darslari, ijodiy suhbatlar, rassomlar bilan uchrashuvlar o‘tkaziladi.
Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.