Adabiyot e’tibor va e’zozdan ilhom oladi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Madaniyat, san’at va adabiyot sohalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, mamlakatimizda madaniyat, san’at va adabiyot sohalarini rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shgan bir guruh ijodkorlar mukofotlandi. Ular orasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari ham borligi diqqatga sazovordir.
Yozuvchilar uyushmasida Vatanimizning yuksak unvonlari, orden va medallariga munosib topilgan qalamkashlarni sharaflashga bag‘ishlangan ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

— Muhtaram Prezidentimiz tomonidan adabiyot ahliga ko‘rsatilayotgan bunday yuksak e’tibor va e’zoz ijod ahlining qalbiga cheksiz quvonch hamda yangi ilhom baxsh etmoqda, – dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid. – Bu mukofotlar nainki alohida ijodkorlarning mehnatiga, balki butun o‘zbek adabiyoti va milliy ma’naviyatimizga berilgan eng yuksak bahodir. Davlatimiz rahbarining qo‘llaridan yuksak unvon va ordenlarni qabul qilib olish har bir yozuvchi va shoir uchun sharaf hamda unutilmas tarixiy voqea hisoblanadi. Bugungi Yangi O‘zbekistonda so‘z san’atiga, ijod ahlining ijtimoiy sharoitlarini yaxshilashga berilayotgan e’tibor hech bir davrda kuzatilmagan darajada yuqori nuqtaga ko‘tarildi. Prezidentimizning ushbu tashabbuslari adabiyot ahli zimmasidagi mas’uliyatni yanada oshirib, xalqimiz qalbidan chuqur joy oladigan yuksak badiiy asarlar yaratishga undaydi.

– Adabiyot yashasa ma’naviyat, ma’rifat ravnaq topadi, - dedi navoiyshunos olim, Alisher Navoiy xalqaro jamoat fondi direktori, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Olimjon Davlatov. – Ijodkorlar mehnatini hamisha qadrlab, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgan yurtboshimizga o‘zimizning cheksiz minnatdorligimizni bildiramiz. Adabiyot namoyandalari, bundan keyin ham Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish yo‘lida bor iste’dod va g‘ayratimiz bilan xizmat qilaveramiz.
Ma’rifiy tadbirda yoshlarni milliy adabiyotimiz va kitobxonlikka jalb etish borasidagi yangi g‘oya va tashabbuslar, ijodiy g‘oyalar atroflicha muhokama qilindi.
Nazokat Usmonova, O‘zA