"Muzeylararo 90 kun" loyihasiga start berildi
Mamlakatimiz muzeylarining ekspozitsiyasi g‘oyat boy va betakror. Yurtimizga kelayotgan xorijiy sayyohlar, olim va ekspertlar buni ko‘p bora e’tirof etadi. Davlatimiz rahbari tashabbusi asosida O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markazining tashkil etilishi yurtimizning tarixi, ajdodlarimizning ma’naviy merosi nechog‘li shonli va betakror ekanini jahonga namoyish etmoqda.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamkorligida tashkil etilgan “Muzeylararo 90 kun” ma’naviy-ma’rifiy ekskursiyalar loyihasiga rasman start berildi.

Loyiha doirasida mahalla faollari, yoshlar, o‘quvchilar, talabalar hamda pedagoglar mamlakatimizning muhim tarixiy va ma’naviy maskanlariga tashrif buyurib, milliy tariximiz, buyuk ajdodlarimiz merosi, Vatan himoyachilari xotirasi hamda mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlar bilan yaqindan tanishadi.

Ekskursiyalar Temuriylar tarixi davlat muzeyi, “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasi, “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi kabi manzillarda tashkil etildi.
“Muzeylararo 90 kun” loyihasi yoshlar va keng jamoatchilikning tarixiy xotirasini mustahkamlash, ma’naviy dunyoqarashini boyitish hamda vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
N.Usmonova, O‘zA