Maqom teatriga maxsus bino qurilyapti (+video)
Teatr san’ati inson ruhiyatiga ta’sir ko‘rsatish jihatidan eng samarali vositalardan biridir. U ovoz, ohang, tasvir, dekoratsiya va aktyor mahorati orqali tomoshabinni voqelikning bevosita ishtirokchisiga aylantira oladi.
Biroq Maqom teatri bu borada yanada sehrli va ta’sirchan kuchga ega. Bu yerda kuy, qo‘shiq va soz qahramonning quvonchu iztiroblari bilan uyg‘unlikda talqin etiladi. Maqomning asrlar davomida sayqal topgan nolalari, avj va qochirimlari har qanday tinglovchini mahliyo etadi. Maqom teatrida zal ichidagi kuzatuvchi shunchaki tomoshabin emas, balki teran tinglovchiga ham aylanadi. Ana shu uyg‘unlik insonni san’atning mutlaqo yangi va yuksak olamiga olib kiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan Marg‘ilon shahrida Musiqali maqom teatri tashkil etilgan edi. Davlat rahbarining topshirig‘iga asosan, ayni paytda mazkur teatr uchun maxsus loyiha asosida, zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan muhtasham bino qurilmoqda.
— Nafaqat O‘zbekistonda, balki butun Markaziy Osiyoda bu kabi ixtisoslashgan teatr yo‘q, — deydi teatr direktori Foziljon Ismoilov. — Muhtaram Prezidentimizning ushbu bebaho sovg‘asiga javoban, kelajakda yuksak saviyadagi maqom yo‘nalishidagi klassik spektakllarni sahnalashtirishni maqsad qilganmiz.

Bugungi kunda teatr binosining asosiy qurilish ishlari yakunlanib, so‘nggi pardozlash jarayonlari olib borilmoqda. Bino loyihasi shunday tuzilganki, unda hofiz va musiqachilar, ijrochi aktyorlar tomosha zalining markazida bo‘ladi. Bu esa tomoshabinga voqealar markazida turgandek his beradi.
— Quruvchilarimizga katta rahmat, ular tunu kun mehnat qilmoqda, — deydi F. Ismoilov. — Binoning birinchi qavati 450 o‘rinli asosiy zalga ega. Ikkinchi qavatda esa repetitsiyalar uchun mo‘ljallangan 200 o‘rinli qo‘shimcha zal mavjud.

2025-yil davomida Marg‘ilon shahar Musiqali maqom teatrida Navoiy, Bobur, Nodira va Uvaysiy g‘azallari asosidagi badiiy siymolar gavdalantirildi. Noyob ovozlar va yuksak mahorat ila ijro etilgan kuylar bu g‘azallarga yangi hayot bag‘ishladi. Hozirgi kunda esa jamoa Tolibjon Ro‘ziboyevning “Burhoniddin Marg‘inoniy” hamda Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” asarlari ustida ijodiy izlanish olib bormoqda.
Teatrning yangi binosi aynan mana shu yangi premeralar bilan o‘z eshiklarini ochadi.

— Burhoniddin Marg‘inoniyning hayoti va ijodiy merosiga bag‘ishlangan spektaklni sahnalashtirishga alohida mas’uliyat bilan yondashyapmiz, — deydi teatr rahbari. — Ayni paytda tayyorgarlik jarayonlari qizg‘in davom etmoqda. Yaqin kunlarda ushbu asarni xalqimizga tuhfa etamiz.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/9YL67RMV6cs" title="Maqom teatriga maxsus bino qurilyapti" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muallif: Muhammadjon Obidov
Tasvirchi: Elyor Olimov