Qatag‘on qurbonlari: Yomdan chiqqan fidoyilardan biri
Jizzax viloyati Zomin tumanidagi qadimiy Yom qishlog‘i nafaqat go‘zal tabiati, balki tarix sahifalarida iz qoldirgan insonlari bilan ham e’tiborlidir. Manbalarda qayd etilishicha, “Yom” atamasi mo‘g‘ulchada “bekat”, “to‘xtash joyi” ma’nosini anglatadi.
Hatto Zahiriddin Muhammad Bobur ham “Boburnoma” asarida bu hududni tilga olib, safar chog‘ida shu yerda tunaganini yozgan. Bu maskan asrlar davomida nafaqat yo‘llar tutashgan, balki taqdirlar kesishgan makon bo‘lib kelgan.
Ana shu zaminda 1896-yil 30-mart kuni tug‘ilgan Mamadiyor Allayorov — murakkab va sinovli davrning tirik guvohi, o‘z taqdiri orqali butun bir davr fojiasini ifoda etgan shaxslardan biridir.

U dastlab eski maktabda, keyin Zomindagi rus maktabida tahsil oldi. 1916-yilda mardikorlikka safarbar etildi, 1917-yildan esa o‘qituvchilik qildi. 1919-yilda partiya safiga qabul qilinib, qisqa vaqt ichida mas’ul lavozimlarga ko‘tarildi. Jizzax shahar firqa qo‘mitasida, sud tizimida, shuningdek, Tojikiston va boshqa hududlarda mas’uliyatli vazifalarda ishladi.
Biroq uning hayotidagi eng og‘ir sinovlar 1930-yillar qatag‘onlari davriga to‘g‘ri keldi. 1935-yilda “yot unsur” sifatida partiyadan chiqarilgan Mamadiyor Allayorov 1938-yil 27-iyulda “Milliy ittihod”ga aloqadorlikda ayblanib, qamoqqa olindi. Uning “aybi” esa Vatanni ozod va mustaqil ko‘rish orzusi, xalqni ma’rifat va taraqqiyotga chorlagan fikrlari edi. Ana shu jihat uni qatag‘on qurbonlari safiga qo‘shdi.
Mamadiyor Allayorov nafaqat amaliy faoliyati, balki yozma xotiralari bilan ham qimmatlidir. U 1916-yilgi Jizzax qo‘zg‘oloni voqealarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan va batafsil qayd etgan.
Uning yozishicha, qo‘zg‘olon kunlarida xalq tayoq, o‘roq, qilich va miltiqlar bilan qurollanib, bosqinchilarga qarshi chiqqan. Temir yo‘llar buzilgan, imoratlarga o‘t qo‘yilgan, ammo javob zarbasi nihoyatda shafqatsiz bo‘lgan.

Chor Rossiyasining bosqinchi harbiy qo‘shinlari kelib, qishloqlarni yondirgan, odamlarni ommaviy qatl etgan. U “40 kishini uyga qamab kuydirganini ko‘rdik”, deya yozadi. Bu misralar o‘sha davrning dahshatli manzarasini butun og‘rig‘i bilan namoyon etadi.
Harbiy sud hukmlari esa bu fojianing yana bir isbotidir. O‘nlab insonlar “podshohga qarshi chiqqanlik” aybi bilan o‘lim jazosiga hukm qilingan. Nazirho‘ja Absalom o‘g‘li, Nuriddinxo‘ja Ma’rufxo‘ja o‘g‘li, Abdurahmon jevachi kabi o‘nlab ismlar tarix sahifalarida qayg‘u va jasorat ramzi sifatida muhrlangan.
Muallif tomonidan qahramonning qarindoshlari bilan o‘tkazilgan suhbatlar ham uning insoniy qiyofasini yaqqol ochib beradi. Turg‘un hoji Shokarimov Mamadiyor Allayorovni “shirinsuxan, olijanob inson” sifatida eslasa, Oybek Ahmadiyorov uni “o‘z davrining komil va vatanparvar farzandi”, deya ta’riflaydi. Bu xotiralar orqali biz faqat tarixiy shaxsni emas, balki tirik inson, mehribon qarindosh, ziyoli fidoiy siymosini ko‘ramiz.
Xulosa shuki, Mamadiyor Allayorov hayoti bir inson taqdiri orqali butun bir davrning og‘riqli haqiqatini ochib beruvchi ibratli sahifadir. Uning xotiralari, boshidan kechirganlari va orzu-intilishlari bugungi tinch va farovon hayot qadrini yanada teran anglashga xizmat qiladi. Qatag‘on qurbonlari taqdiri esa unutilmas saboqdir.
Baxtigul Ergasheva,
Jizzax davlat pedagogika instituti tuzilmasidagi
“Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi direktori.
O‘zA