Madaniy meros sohasidagi davlat boshqaruvi tizimi samaradorligi oshiriladi
Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi majlisida “Madaniy meros sohasidagi davlat boshqaruvi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Mazkur qonun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmon va qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan bo‘lib, madaniy meros sohasida davlat boshqaruvini yanada samarali tashkil etishga qaratilgan.
Qonun bilan Soliq, Shaharsozlik, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga, shuningdek, “Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi to‘g‘risida”, “Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”, “Muzeylar to‘g‘risida” hamda “Yer qa’ri to‘g‘risida”gi qonunlarga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilgan.
Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasida davlat organlari vakolatlari aniq belgilanmoqda.
Amaldagi qonunchilikdan Madaniyat vazirligining moddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanishga oid ayrim vakolatlari chiqarib tashlanmoqda.
Qonun madaniy meros sohasidagi davlat boshqaruvi tizimi faoliyati samaradorligini oshirish, qonun hujjatlarini o‘zaro muvofiqlashtirish va yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova,
O‘zA