Kitobxonlik haftaligi doirasida kitoblar taqdimoti tashkil etildi
Samarqand viloyati axborot-kutubxona markazida “Kitobsevar millat – ma’rifatli jamiyat poydevori” shiori ostida o‘tkazilayotgan VI Respublika “Kitobxonlik haftaligi” doirasida kitob taqdimotlari, tanlovlar va madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Jumladan, bugun “Zarafshon” gazetasi kutubxonasi” turkumida chop etilgan “Muhokamadagi mavzular”, To‘lqin Siddiqovning “Befarqlikdan bedorlikka” hamda Turg‘unboy Hasanovning “Tulkining tushi” kitoblari taqdimoti o‘tkazildi.

Samarqand viloyati “Zarafshon” gazetasi xodimlarining ushbu kitoblarida jamiyat hayotidagi yangilanish va o‘zgarishlar, bu jarayonda hayotimizda uchrayotgan ayrim kamchiliklar, yoshlar ta’lim-tarbiyasi va bunda e’tibor qaratish lozim bo‘lgan masalalar haqida so‘z yuritilgan. “Tulkining tushi” kitobi esa bolalarga mo‘ljallangan she’rlardan iborat.

– Bugun xalqimiz, ayniqsa, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ularni kitobxonlikka jalb qilishda kishilarni mulohazaga chorlovchi kitoblarning nashr etilishi juda muhim, – deydi Samarqand iqtisodiyot va servis instituti professori Mamayunus Pardayev. – “Zarafshon” gazetasida “Mulohaza uchun mavzu” ruknida chop etilgan bu maqolalar davrning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan va ular qayta-qayta o‘qishga arziydi. E’tiborlisi, to‘plamdagi maqolalarning hammasi ham jurnalistlar qalamiga mansub emas, ular orasida olimlar, o‘qituvchi va talabalar, turli sohalar vakillari yozgan mulohazali maqolalar bor.

Haftalik doirasida Samarqand viloyat sudi rahbariyati, sudyalar hamda sud xodimlari ham markazda bo‘lib, kutubxonaning boy kitob fondi bilan yaqindan tanishdi. Ular kutubxonaga doimiy a’zolikka qabul qilinib, ID kartalar topshirildi. Shuningdek, sudyalar markazga turli xil kitoblarni tuhfa qildi.




– Kuni kecha markazimizga O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha butunjahon jamiyati (WOSCU) tomonidan nashr etilgan “O‘zbekiston madaniy merosi” turkumidagi kitob-albomlar to‘plami sovg‘a qilingani haftalikning muhim voqealaridan biri bo‘ldi – deydi Pushkin nomidagi Samarqand viloyati axborot-kutubxona markazi direktori o‘rinbosari Nargiza Saidmurodova. – Mazkur to‘plam kitobxonlar, tadqiqotchilar va madaniy merosga qiziquvchi barcha uchun muhim manba bo‘lib xizmat qiladi. Ushbu bebaho sovg‘a uchun jamiyatga minnatdorchilik bildiramiz. Umuman, bu yilgi haftalik kitob taqdimotlari, ko‘rik-tanlovlar, ochiq eshiklar kuni tadbirlari bilan davom etmoqda.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari