Kichik tomorqa — katta daromad manbai
Guliston tumanining chekka hududida istiqomat qiluvchi To‘rayevlar oilasi bu haqiqatni o‘z mehnati va erishgan natijalari bilan amalda isbotlab kelmoqda. Ularning 8 sotixli issiqxonasi bugun nafaqat oila daromadining asosiy manbai, balki mahalliy bozorlar to‘kinligiga ham munosib hissa qo‘shayotir.
Tomorqada yer biror kun ham bo‘sh qolmaydi. Bu yerda yil davomida uzluksiz mehnat jarayoni yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bir yilda uch marotaba hosil olish imkoniyati yaratilgan. Hozirgi kunda issiqxonada bulg‘or qalampirining “Java” navi parvarish qilinmoqda. Shu bilan birga, mavsumlararo bo‘sh qolgan maydonlardan unumli foydalanilib, pomidor ko‘chatlari yetishtirilmoqda.

– Biz uchun har bir qarich yer — baraka manbai. Uni qadrlasangiz, mehnatingiz, albatta, o‘z samarasini beradi, – deydi xonadon egasi Abdullakim To‘rayev. – Issiqxonani tashkil etish oson bo‘lmadi. Lekin mehnatdan qochmadik. Tomchilatib sug‘orish tizimini joriy etgach, ishimiz ancha yengillashdi, suv tejalmoqda va hosildorlik oshdi.

Darhaqiqat, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish bugungi kunda yuqori samaradorlikka erishishning muhim omili hisoblanadi. To‘rayevlar oilasi ham ushbu imkoniyatdan samarali foydalanib, tomchilatib sug‘orish tizimini to‘liq joriy etgan. Bu esa mehnat unumdorligini oshirish, resurslarni tejash va mahsulot sifati barqarorligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

E’tiborga molik jihati shundaki, xonadonda barcha ishlar oilaviy mehnat asosida, o‘zaro hamjihatlik va mas’uliyat bilan tashkil etilgan. Har bir mavsum uchun aniq reja ishlab chiqilgan: yoz va kuz mavsumida asosiy ekinlar yetishtirilsa, qish mavsumida ham daromad uzilmasligi uchun ko‘katlar va rediska yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan.

– Bozor talabini doimiy o‘rganib boramiz. Qaysi mahsulotga ehtiyoj yuqori bo‘lsa, shunga qarab ekin tanlaymiz. Qish mavsumida ham daromad qilish mumkin, faqat mehnat va aniq reja bo‘lsa kifoya, – deydi xonadon egasining o‘g‘li Abror To‘rayev.


Ana shunday oqilona yondashuv, tinimsiz mehnat va zamonaviy texnologiyalarni uyg‘un qo‘llash natijasida To‘rayevlar oilasi yiliga o‘rtacha tomorqasidan 80 million so‘mgacha daromad topmoqda. Yetishtirilgan mahsulotlar mahalliy bozorlarda xaridorgir bo‘lib, viloyatning turli hududlaridan kelgan xaridorlar tomonidan katta qiziqish bilan xarid qilinmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri