O‘zbekiston Islom sivilizatsiya markazi – yurtimizdagi tabarruk go‘shalardan biri
Markaziy Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari Konfederatsiyasining umumiy yig‘ilishi ishtirokchilari O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘ldi.
Davlatimiz rahbarining g‘oyasi va tashabbusi asosida barpo etilgan ushbu muazzam maskan O‘zbekistonning boy ma’rifiy salohiyati, tarixi, ilmiy-ma’naviy, madaniy merosini o‘zida mujassam etgani bilan diqqatga sazovor.
Ta’kidlash zarurki, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat o‘tmish haqida hikoya qiladigan, balki, tarix, bugun va kelajakni bog‘laydigan, taraqqiyotimizning asosiy yo‘nalishlarini belgilab beradigan aql-tafakkur markazidir.
[gallery-29020]
Shonli tariximiz va Yangi O‘zbekiston o‘rtasidagi ko‘prik bo‘lgan ushbu maskanda mehmonlar boy ma’naviy va ilmiy merosni mamlakatning zamonaviy intilishlari bilan bog‘laydigan jarayonlar bilan tanishdi.
Xususan, markazdagi Shon-sharaf zali, Qur’oni Karim zali, Islomdan avvalgi davr sivilizatsiyalari bo‘limi bo‘lgan So‘g‘d zali, “Bag‘rikenglik” maydoni bilan tanishdi. Jumladan, Shon-sharaf zalida joylashgan 14 ta ravoqda Markaziy Osiyo xalqlari tarixidagi muhim voqealar tasvirlangani guvohi bo‘ldi.
Bu yerda zamonaviy texnologiyalar tarixni tirik muloqotga aylantirganini ko‘rib, hayratlanishdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan yaratilgan raqamli platformada esa yuzdan ortiq buyuk mutafakkir va olimlarning ekranlarda “jonlanib”, o‘z g‘oyalari va kashfiyotlari haqida so‘zlaganlari mehmonlarda unutilmas va yorqin taassurot qoldirdi.
N.Usmonova, A.Alijonov (surat), O‘zA muxbiri