“Mizdakxon” muqaddas va sirli maskan
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumanida “Mizdakxon” muqaddas va sirli maskan” nomli uchinchi xalqaro festival o‘tkazildi.
Tadbir ishtirokchilari dastlab milliy hunarmandchilikning gilamchilik sohasi bo‘yicha o‘tkazilayotgan ko‘rik-tanlovda ishtirok etdi va hunarmandlar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar bilan tanishdi.
Festival doirasida “Madaniy xabardorlikni oshirish va ekologik barqaror turizmni rivojlantirish” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Q.Sharipov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi rahbari A.Hamzayev, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professor-o‘qituvchilari, Xitoy, Malayziya, Indoneziya ekspertlari va talaba yoshlar ishtirok etdi.

Ishtirokchilar Orolbo‘yida tarixiy joylarning ko‘pligi, unga dunyo keng jamoatchiligining e’tibori ortib borayotganligi, ayniqsa, Xo‘jayli tumani hududida joylashgan “Mizdakxon” madaniy meros majmuasi o‘ziga xos ko‘rinishga ega tarixiy yodgorlik ekanligini ta’kidladi. Xorijdan tashrif buyurgan iqtisodchi, ekolog, arxeolog va turizm bo‘yicha mutaxassislar o‘z ma’ruzalarida Qoraqalpog‘istonda turizm va ekologiyani yanada yaxshilash bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi.

Xalqaro festival ishtirokchilari “Mizdakxon” tarixiy majmuasi bilan yaqindan tanishdi. Sayohat davomida mehmonlar ochiq osmon ostidagi ikki yarim ming yillik davrga oid manbalarni tomosha qilib, o‘zlarida yaxshi taassurot qoldirdi. Shundan so‘ng, tuman hududida joylashgan “Pirim eshon bobo” jome masjidida bo‘lib, hazrati Asqar Eshonbobo maqbarasini ham ziyorat qildi.
Festival doirasida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabalari va tuman yoshlari ishtirokida shaxmat, shashka, stol tennisi, voleybol sport musobaqalari, “Zakovat” intellektual o‘yinlari o‘tkazildi.

Xo‘jayli tumanidagi muhtasham Amfiteatrda festivalning tantanali yopilish marosimi hamda gala-konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.
Festival doirasida o‘zining faolligi va ilmiy-ijodiy salohiyati bilan ajralib turgan ishtirokchilar universitet rahbariyati tomonidan maxsus sertifikatlar va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandilar.
Tadbirning badiiy qismi bo‘lgan gala-konsert dasturi esa kechaga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.