Yangi O‘zbekistonda yangi avlod qishloq xo‘jaligi mutaxassislari tayyorlanadi
O‘zbekiston uchun qishloq xo‘jaligi azaldan ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni ta’minlovchi strategik ahamiyatga ega tarmoqlardan biri bo‘lib kelgan. Mamlakatimizning bugungi rivojlanish bosqichida ushbu sohaga har qachongidan ham katta e’tibor qaratilmoqda. Zero, iqlim o‘zgarishi, suv resruslarining tanqisligi, yerlar degradatsiyasi, oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq zamonaviy tahdidlar agrar tizimni mutlaqo yangi yondashuvlar asosida isloh qilish, shu jumladan soha uchun yuqori malakali va xalqaro maydonda raqobatbardosh bo‘lgan kadrlar tayyorlashni taqozo etmoqda.
Bugungi kunda iqtisodiyotimizning 20 foizi aynan qishloq xo‘jaligi hissasiga to‘g‘ri keladi. 3,5 million nafar yurtdoshlarimiz mehnat qilayotgan ushbu tarmoqda yiliga 467 trillion so‘mlik mahsulot yaratilib, meva-sabzavotlarimiz ichki ehtiyojni qoplash bilan birga, 83 ta xorijiy davlatga eksport qilinmoqda.
So‘nggi o‘n yilda sohada davlat boshqaruvini takomillashtirish, bozor mexanizmlari, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, ta’lim tizimini modernizatsiya qilish, mahsulot yetishtiruvchi, qayta ishlovchi va sotuvchi sub’ektlar o‘rtasidagi integratsiyani kuchaytirish, qishloq xo‘jaligi mashinasozligini rivojlantirish, yer va suv resurslaridan samarali foydalanishga qaratilgan ko‘plab me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 11-apreldagi “Toshkent davlat agrar universiteti faoliyatini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qishloq xo‘jaligi, ayniqsa, agrar ta’lim tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan navbatdagi muhim qadam bo‘ldi.

Qishloq xo‘jaligini isloh qilish jarayonida Toshkent davlat agrar universiteti faoliyatini transformatsiya qilishga alohida e’tibor qaratilayotgani bejiz emas. Boisi, salkam yuz yillik tarixga ega mazkur oliy ta’lim muassasasi nainki yurtimiz, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasidagi agrar soha uchun malakali kadrlar tayyorlaydigan eng yirik dargohlardan biri hisoblanadi. Turli yillarda universitetni yurtimiz qishloq xo‘jaligi taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan yuzlab ilm-fan va jamoat arboblari bitirgan.
Bugungi kunda universitetning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ta’lim jarayoniga ilg‘or standartlarni joriy etish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, muassasaning 4 qavatli o‘quv binosi rekonstruksiya qilinib, 1380 o‘ringa mo‘ljallangan yangi zamonaviy 5 qavatli korpus barpo etildi. O‘tgan yili Mustaqillik bayrami arafasida davlat-xususiy sheriklik asosida yangi 550 o‘rinli zamonaviy talabalar yotoqxonasi ham foydalanishga topshirildi. Ayni paytda yosh olimlar va xodimlarning yashash sharoitini yaxshilash maqsadida 315 xonadonli turar joy qad rostlamoqda.

Qarorda universitetning innovatsiyalar, xalqaro standartlar va aniq natijaga yo‘naltirilgan mutlaqo yangi modelini yaratish bo‘yicha qator muhim vazifalar ko‘zda tutilgan. Jumladan, 2030-yilga qadar universitetni rivojlantirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlaridan biri sifatida xalqaro reyting tashkilotlarining top-500 talik oliy ta’lim tashkilotlari ro‘yxatiga kiritishga erishish belgilangan. Buning zamirida ta’lim muassasasining xalqaro maydondagi nufuzini oshirish vazifasi bilan birga, qator kompleks chora-tadbirlar mujassam. Ya’ni, nufuzli xalqaro reytinglarda yuqori pog‘onalarni egallash uchun, eng avvalo, ta’lim sifati, professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyatini oshirish, infratuzilma va boshqaruvga oid bir qancha talablarni bajarish zarur. Qolaversa, hujjatda belgilanganidek, ushbu maqsadga erishish doirasida xalqaro hamkorlikda amalga oshiriladigan ilmiy tadqiqotlar sonini 3 barobarga, xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan ta’lim dasturlari sonini esa 4 barobarga, shuningdek qo‘shma ta’lim dasturlarini 20 taga, o‘quv-ilmiy laboratoriyalar sonini 20 foizga oshirish ko‘zda tutilgan. Shu tariqa o‘quv rejalari, ta’lim usullari va bilimlarni baholash tizimi eng ilg‘or jahon amaliyotlari bilan uyg‘unlashtiriladi.
Bu boradagi amaliy qadam sifatida ayni paytda universitetimiz AQSH, Germaniya, Xitoy, Janubiy Koreya, Vetnam, Turkiya, Polsha, Rossiya, Qozog‘iston kabi davlatlarning 30 dan ortiq oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda ta’lim tizimini takomillashtirish, ilm-fanni rivojlantirish, nazariya va amaliyot o‘rtasidagi integratsiyani kuchaytirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining yangi navlarini yaratish va yetishtirishga qaratilgan loyihalar ustida ish olib bormoqda. Bundan tashqari, ushbu universitetlar bilan qator yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlari ham yo‘lga qo‘yilgan. Universitetimiz o‘qituvchi va talabalari malaka oshirish va stajirovka o‘tash uchun muntazam ravishda xorijiy davlatlarga yuborilmoqda. Masalan, birgina o‘tgan yili 200 ga yaqin professor-o‘qituvchilar Xitoy, Rossiya, Malayziya, Janubiy Koreya, Polsha va Turkiyada malaka oshirdi, 152 nafar talaba esa Xitoy, Polsha, Germaniya, Bolgariya kabi davlatlarda amaliyot o‘tab keldi.
2026/2027 o‘quv yilida universitetning Ekofiziologik tadqiqotlar ilmiy laboratoriyasini ISO/IEC 17025:2017 xalqaro standarti bo‘yicha akkreditatsiyadan o‘tkazish rejalashtirilgan. Ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarning hayotga tatbiq etilishi natijasida yangi, dolzarb yo‘nalishlardagi tadqiqotlar ko‘lami kengayadi, universitet esa global ilmiy muloqotning to‘laqonli ishtirokchisiga aylanadi.

Universitetning moliyaviy mustaqilligini mustahkamlash uchun ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishdan olinadigan mablag‘lar hajmini uch barobarga oshirish ham belgilangan. Shu bilan birga, hujjatda boshqaruv va xizmatlar ko‘rsatish jarayonlarini raqamli texnologiyalar, shu jumladan sun’iy intellekt yordamida tashkil etish ko‘zda tutilgan bo‘lib, buning natijasida umumiy samaradorlikni oshirish, o‘quv jarayonini aniqroq rejalashtirish, natijalarni tahlil qilish, xizmatlar ko‘lamini kengaytirish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, mehnat bozori ehtiyojlarini bashorat qilish va resurslarni oqilona boshqarishga erishiladi.
Prezidentimiz o‘tgan yil 17-noyabr kuni paxtachilikda samaradorlikni ilg‘or tajriba va texnologiyalar asosida oshirish, qishloq xo‘jaligini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishish chog‘ida agronomlarni tayyorlaydigan oliygohlar bitiruvchilari uchun “dual ta’lim” mexanizmi joriy etilishini ma’lum qilgan edi. Bu masalaga qarorda ham alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, kadrlar tayyorlash yo‘nalishlari va sohalarning xususiyatidan kelib chiqib, universitetning yuqori kurslarida o‘qish nazariy ta’limdan ajralgan holda 4 oy muddatga uzluksiz dual ta’lim asosida tashkil etish, buning uchun qator yirik korxonalar bilan hamkorlik qilish ko‘zda tutilmoqda.
Bugungi kunga kelib, universitetning mexanizatsiya va agromuhandislik ta’lim yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalar ushbu tizim asosida Chirchiq shahridagi “Agrotech” klasterida o‘qitilmoqda. Hozirda bunday amaliyot agronomiya, o‘simliklarni himoya qilish va karantini, o‘rmonchilik va aholi yashash joylarini ko‘kalamzorlashtirish hamda agrokimyo va tuproqshunoslik yo‘nalishlarida ham joriy etilgan. Ushbu jarayonda talabalar zamonaviy agrotexnologiyalarni qo‘llash, hosildorlikni oshirish, ekinlarni kasallik va zararkunandalardan himoya qilish, tuproq va oziq moddalarni tahlil qilish borasidagi bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlamoqda. Bu tizim talabalarga ishlab chiqarish muhitida amaliy tajriba to‘plash va ish haqi olish imkonini bermoqda.
Qarorga ko‘ra, universitet tarkibida yangi tuzilma – Agroxizmatlar departamenti tashkil etiladi. Uning zimmasiga fermer va dehqon xo‘jaliklari, tomorqa yer egalariga konsalting xizmatlar ko‘rsatish, zamonaviy ko‘chma laboratoriyalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, raqamli agroxizmatlar platformasini shakllantirish kabi qator vazifalar yuklatilgan.
Yana bir muhim yangilik – universitet huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Agromuhandislar maktabi va Yangi agronomlarni tayyorlash jamg‘armasi ham tashkil etiladi. Amaliyotga yo‘naltirilgan yangi maktab byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan ishlab chiqarish bilan bevosita uyg‘un holda faoliyat yuritadi. Bunda korxonalar bilan hamkorlikda sun’iy intellektga asoslangan laboratoriyalar yaratilib, ishlab chiqarish muammolari portfeli asosida tadqiqotlar va tajriba-konstruktorlik ishlari olib boriladi. Shuningdek, dronlar, robototexnika va raqamli yechimlarni qo‘llagan holda qator xizmatlar ko‘rsatilib, natijada universitetning moliyaviy barqarorligi oshadi, talabalarda amaliy ko‘nikmalar shakllanadi.
O‘z navbatida, Yangi agronomlarni tayyorlash jamg‘armasining tashkil etilishi va maqsadli moliyalashtirishning yo‘lga qo‘yilishi natijasida talabalar yerni o‘zlashtirish va mahsulot yetishtirishdan tortib, uni sotish va bozorga olib chiqishgacha bo‘lgan bosqichni to‘liq o‘zlashtiradi. O‘quv-tajriba xo‘jaligi uchun yer uchastkalarining ajratilishi, ularni o‘zlashtirish foizsiz moliyalashtirilishi hamda olingan daromadning talabalar ixtiyorida qoldirilishi esa real iqtisodiy rag‘batni yaratadi.
Umuman olganda, qarorda aks etgan xalqaro reytinglarga kirish, raqamlashtirish va ilmiy faoliyatni rivojlantirish kabi maqsadlar ortida bir fundamental o‘zgarish yotibdi. Gap Toshkent davlat agrar universitetining boshqaruv va institutsional modelini tubdan o‘zgartirish haqida ketyapti. Belgilangan chora-tadbirlardan ko‘rinib turibdiki, hujjat asosida universitetni mustaqil, mas’uliyatli va natijadorlikka yo‘naltirilgan barqaror muassasaga aylantirish maqsad qilingan. Qaror qabul qilishda avtonomiyaning oshirilishi va loyihaviy yondashuvning kuchaytirilishi yangi boshqaruv madaniyatini shakllantiradi. Bu esa, o‘z navbatida, universitetga agrar siyosatdagi o‘zgarishlar, texnologik tendensiyalar va bozor talablariga tezroq moslashish imkonini berib, uni islohotlarning faol ishtirokchisiga aylantiradi.
Qolaversa, qarorda inson kapitalini rivojlantirishga alohida urg‘u berilgani, professor-o‘qituvchilar va ilmiy xodimlarga qo‘yilayotgan talablarning kuchaytirilishi davlat ta’lim tizimini modernizatsiya qilish, eng avvalo, insonlardan boshlanishini chuqur anglashidan dalolat beradi. Tizimli malaka oshirishning yo‘lga qo‘yilishi, xorijiy mutaxassislarning jalb etilishi va ilmiy faollikning oshishi yangi kasbiy muhitni vujudga keltiradi. Natijada ham o‘qituvchilarda, ham talabalarda yangicha – tanqidiy, tadqiqotchilikka asoslangan, real muammolarni hal qilishga qaratilgan tafakkur shakllanadi. Moddiy-texnik bazani mustahkamlash, yangi laboratoriyalar tashkil etish, tajriba-sinov va ishlab chiqarish maydonchalarini rivojlantirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilangani ham bejiz emas – zamonaviy infratuzilma yaratishga investitsiya kiritmasdan ilm-fan rivojlanishiga erishib bo‘lmaydi.
Muxtasar aytganda, qarorda agrar ta’lim tizimining barcha yo‘nalishlarini transformatsiya qilishni nazarda tutuvchi tub islohotlar aks etgan. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, qishloq xo‘jaligining taqdiri va kelajagi – butun mamlakatimizning taqdiri va kelajagidir. Barqaror va farovon kelajakni barpo etish uchun esa universitetimizning har bir xodimi islohotlarga kamarbasta bo‘lib, bir yoqadan bosh chiqarib ishlashi lozim.
Sayyora Xolmirzayeva,
Toshkent davlat agrar universiteti
“O‘zbek tili va adabiyoti” kafedrasi mudiri,
professor.