Kartadan pul o‘g‘irlansa, zararni bank qoplashi belgilanmoqda
Qonun loyihasiga sharh
Bugungi kunda Internet tarmoqlari orqali xakerlik hujumi va axborot texnologiyalari bilan bog‘liq boshqa ko‘rinishdagi o‘g‘irliklar, kiberjinoyatlar xavf-xatari ortib bormoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, keyingi besh yilda kiberjinoyatlar 68 baravar ko‘paygan. Hozirda sodir etilayotgan har ikki jinoyatning biri aynan axborot texnologiyalari bilan bog‘liq. Kiberjinoyatlarning qariyb 97 foizi onlayn bank va to‘lov tizimlarida sodir bo‘lmoqda. Bank kartalari bilan bog‘liq jinoyatlarning 95 foizidan ortig‘i esa begona shaxslar nomidagi bank kartalari yoki elektron hamyonlar orqali sodir etilmoqda. 11 oyda aholining 1,9 trln. so‘m mablag‘i talon-toroj qilingan. 2019-yilda IT bilan bog‘liq 18 turdagi jinoyat sodir etilgan bo‘lsa, bugun ular soni 60 tadan oshdi.

Ushbu raqamlar keskin o‘sib borayotgan kiberjinoyatlarga qarshi kurashishning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlashni, raqamli muhitda shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini ishonchli himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirishni taqozo etadi.
Shu maqsadda ishlab chiqilgan kiberxavfsizlikni ta’minlash va raqamli muhitda sodir etilayotgan huquqbuzarliklarga qarshi kurashish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi parlament quyi palatasida birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Qonun loyihasi bilan davlat organlari, banklar, to‘lov tashkilotlari hamda Internet-provayderlarining mas’uliyati oshirilmoqda.
Bank kartalari, elektron hamyonlar va kripto-hamyonlarni boshqarish imkonini beruvchi ma’lumotlarni noqonuniy ravishda boshqa shaxslarga berganlik uchun endi nafaqat ma’muriy, balki jinoiy javobgarlik belgilanyapti.
Shuningdek, SIM-kartalar, shaxsiy akkauntlar va identifikatsiya vositalarini (masalan, OneID) boshqa shaxslarga noqonuniy berish yoki ulardan g‘arazli maqsadlarda foydalanish holatlari uchun ham jazo choralari keskin kuchaytirilyapti.
Bugungi kunda fuqarolarning bank karta hisobraqamlaridagi pul mablag‘larini turli kiberhujumlardan himoyalash tizimini kuchaytirishga zarurat tug‘ilmoqda. Shu maqsadda qonun loyihasi bilan agar bank va to‘lov tashkilotlarida axborot xavfsizligi talablariga rioya etilmagani sababli mijozga zarar yetsa, masalan, puli o‘g‘irlansa, ushbu zararni bank yoki to‘lov tashkilotining o‘zi qoplab berishi mexanizmi joriy etilyapti. Ya’ni, muhim axborot infratuzilmasi ob’ektlarida kiberxavfsizlik talablariga rioya etmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanyapti.
Axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilgan jinoyatlar uchun jazo choralari kuchaytirilmoqda. Tergov organlariga bank ma’lumotlarini taqdim etishning aniq muddatlari belgilanmoqda. Agar mas’ul tashkilot ushbu muddatlarni buzsa, yo ma’lumotni kechiktirsa, ularga nisbatan qat’iy javobgarlik choralari ko‘riladi.
Loyihadagi normalar kiberjinoyatlarga qarshi kurashishda muhim ahamiyatga ega. Shu bilan birga, bank va to‘lov tashkilotlari, qolaversa, fuqarolarning mas’uliyati va javobgarligini oshirishga xizmat qildi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA