Islohotlar jarayonini yoritishda xolislik va tahlil ustuvor
Qashqadaryo viloyatida o‘tkazilayotgan “Media haftalik” doirasida navbatdagi mashg‘ulot O‘zA muxbiri Ikrom Avvalboyev ishtirokida tashkil etildi.
Mazkur master-klass “O‘zbekistondagi islohotlar jarayonini yoritishning muhim yo‘nalishlari” mavzusiga bag‘ishlanib, unda ommaviy axborot vositalari vakillari, yosh jurnalistlar hamda bir guruh blogerlar ishtirok etdi.
Tadbirda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni ommaviy axborot vositalarida xolis va tahliliy yondashuv asosida yoritish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, ularning ijrosi yuzasidan ta’sirchan materiallar tayyorlash jurnalistlar oldida turgan muhim vazifalardan ekani ta’kidlandi.
[gallery-28892]
Shuningdek, mashg‘ulot davomida bosma nashrlarni yuritishda zamonaviy uslub va formatlardan foydalanish, axborotni qiziqarli va tushunarli tarzda taqdim etish, tahliliy, tanqidiy materiallar tayyorlashda muallif pozitsiyasini aniq hamda asosli ifoda etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Ikrom Avvalboyev o‘z so‘zida bugungi axborot makonida tezkorlik bilan birga ishonchlilik va sifat masalalari ham dolzarb ahamiyat kasb etayotganini qayd etib, jurnalistlardan har bir xabar va materialga mas’uliyat bilan yondashish talab etilishini alohida ta’kidladi.
Master-klass savol-javoblar, fikr almashuvlar bilan boyitilib, ishtirokchilar uchun amaliy jihatdan manfaatli muloqot maydoniga aylandi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA