Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasining Toshkent shahrida ofisi ochildi
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda soha mas’ullari, mutaxassislar va xalqaro hamkorlar ishtirok etdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev, Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasining Yevropa bo‘yicha mintaqaviy vitse-prezidenti Rafael Shvarsman va boshqalar so‘zga chiqib, tomonlar hamkorligi ushbu soha ravnaqida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Mutaxassislar qayd etganidek, O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi geografik joylashuvidan samarali foydalanib, qo‘shni davlatlar, shuningdek, Osiyo, Kavkaz va Yevropa bilan havo qatnovini ta’minlaydigan muhim mintaqaviy xabga aylanadi. IATA prognozlariga ko‘ra, 2024-2050-yillar davomida O‘zbekistonda yo‘lovchi-kilometrlar (RPK) o‘sishi 3,3 foizni tashkil etadi. Ushbu salohiyatni ro‘yobga chiqarish uchun bir qator muhim omillar zarur. Eng avvalo, xalqaro standartlar va ilg‘or amaliyotlarga muvofiqlik muhim ahamiyatga ega. Bunda asosiy omil IATAning operatsion xavfsizlik auditi (IOSA) dasturini joriy etish bo‘lib, bu mamlakat aviakompaniyalarining xavfsizlik darajasiga bo‘lgan ishonchni yanada oshiradi.

Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyevning so‘zlariga ko‘ra, ushbu voqea nafaqat O‘zbekiston uchun, balki butun mintaqa uchun muhim bosqichdir.
–Chunki aynan shu pallada biz O‘zbekistonda IATA imkoniyatlari doirasida hamkorlik va o‘zaro aloqalarimizni yanada kengaytirish imkoniyatiga egamiz. Eng muhimi esa, albatta, bu xavfsizlik va moliyaviy operatsiyalarning kafolatidir. Bu aviakompaniyalar faoliyatining barqarorligini ta’minlash, ishonchni mustahkamlash va ushbu muhitda o‘z biznesini davom ettirish uchun nihoyatda muhim ahamiyatga ega. Ushbu ofisning ochilishi shunchaki kichik bir tadbir emas, balki O‘zbekistonning yangi aviatsiya bozori sifatidagi maqomini ifoda etuvchi muhim ramzdir. Bu imkoniyat nafaqat O‘zbekiston, balki aviatsiya bozori jadal rivojlanayotgan qo‘shni mamlakatlarimiz uchun ham katta foyda keltiradi.
O‘zbekiston Markaziy Osiyoning markazi va yuragi, shuningdek, Buyuk Ipak yo‘lining muhim qismi bo‘lib kelgan. Bugun esa aviatsiya sohasi transport va aviakompaniyalar faoliyatida yangi muhim omilga aylanib borayotganini ko‘ryapmiz. Biz ushbu dinamika davom etishiga va bu hamkorlik nafaqat bizning tomondan, balki IATA tomonidan ham katta ishonchni mustahkamlashiga ishonamiz. Chunki bu hamkorlik ikki tomonlama manfaatlidir, – dedi J. Choriyev.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi (IATA) 1945-yilda tashkil etilgan, shtab-kvartirasi Kanadada joylashgan global aviatsiya tashkilotidir. U dunyo bo‘ylab 300 dan ortiq aviakompaniyani birlashtiradi va jahon aviatsiya sohasida yagona standartlarni joriy etish, xavfsizlikni ta’minlash hamda havo qatnovini samarali tashkil etish bilan shug‘ullanadi.
Tadbirda IATAning Yevropa bo‘yicha mintaqaviy vitse-prezidenti Rafael Shvarsman joriy yil oxirigacha O‘zbekistonda “Billing and Settlement Plan” (BSP) tizimi ishga tushirilishini ma’lum qildi.
– O‘zbekiston jadal sur’atlarda o‘sib borayotgan bozor bo‘lib, yo‘lovchi va yuk tashish hajmi bo‘yicha Markaziy Osiyoda yetakchi o‘rinni egallab kelmoqda. IATAning O‘zbekistondagi ofisi va BSP tizimi aviatsiya xavfsizligi hamda operatsion samaradorlikni oshirish natijasida havo qatnovini rivojlantirishga strategik hissa qo‘shadi. Ofisning ochilishi bilan IATA mutaxassislari aviakompaniyalar va aeroportlarga xavfsizlik hamda operatsiyalar bo‘yicha global standartlarni joriy etishda yanada yaqindan amaliy yordam ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, BSP tizimi aviakompaniyalarga moliyaviy tranzaksiyalarni global darajada yanada tejamkor va samarali amalga oshirish imkonini beradi, shuningdek, xizmatlar va mahsulotlarni butun dunyo bo‘ylab tarqatishni osonlashtiradi. Bu esa xalqaro hamkorlikni kengaytirish uchun muhim imkoniyatlar yaratadi, – dedi R. Shvarsman.
Tadbir doirasida ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA