Bolalar salomatligi uchun xavfli bo‘lgan o‘yinchoqlar aniqlandi
So‘nggi vaqtlarda bozorlarimizda sifatsiz va xavfsizlik talablariga javob bermaydigan o‘yinchoqlar ko‘payib bormoqda. Bu kabi holatlarni aniqlash va chora ko‘rish maqsadida Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi nazorat inspeksiyasining Toshkent shahar bo‘limi poytaxtdagi savdo shoxobchalarida navbatdagi nazorat tadbirlarini o‘tkazdi.
Ushbu tadbirlar davomida Xitoyda ishlab chiqarilgan “Police”, “Shaqildoq”, “Assault” to‘pponchalari hamda “Darts” mahsulotlarining sifati va texnik holati laboratoriya sharoitida chuqur tahlil qilindi. Tekshiruv natijalari shuni ko‘rsatdiki, mazkur mahsulotlarning barchasi belgilangan standartlar va texnik reglament talablariga mutlaqo zid ravishda ishlab chiqarilgan.
Ekspertlar xulosasiga ko‘ra, bu o‘yinchoqlar bolalar salomatligi uchun bir necha yo‘nalishda jiddiy xavf tug‘diradi. Masalan, “Police” o‘yinchoq to‘pponchasi bolalarda bo‘g‘ilish yoki tan jarohati olish xavfini yuzaga keltirsa, “Shaqildoq” o‘yinchog‘i bolalarning nozik eshitish qobiliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi aniqlandi. “Assault” o‘yinchoqlari xavfli holatlar keltirib chiqarishi, “Darts” o‘yinchoqlarining qirralari esa me’yordan ortiq o‘tkirligi sababli bolalarga shikast yetkazishi ma’lum bo‘ldi.
Aniqlangan ushbu jiddiy kamchiliklar sababli mazkur mahsulotlarning O‘zbekiston hududiga olib kirilishi rasman taqiqlandi. Hozirda barcha savdo sub’ektlariga tegishli ogohlantirish xatlari yuborilib, ushbu xavfli mahsulotlarni savdo aylanmasidan chiqarish va sotuvini butunlay to‘xtatish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.
Hamroz Bayonov, O‘zA