Sud ishlarida sifat va samaradorlik muhim
Samarqand viloyat sudida Oliy sud raisining o‘rinbosari Sh.Polvanov boshchiligida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Viloyat sudlari rahbariyati, sudyalar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va Advokatlar palatasi viloyat bo‘limi vakillari ishtirok etgan yig‘ilish avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 18-apreldagi farmoyishiga muvofiq, Samarqand viloyat sudi raisining o‘rinbosari – jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi etib tayinlangan J.Arslanov tanishtirildi.

Oliy sud raisi o‘rinbosari yangi tayinlangan rahbarning kasbiy salohiyati, ko‘p yillik tajribasi va sohadagi munosib mehnat faoliyatini alohida e’tirof etdi. Shu bilan birga, adolat tamoyillarini qaror toptirish, qonun ustuvorligini ta’minlash, aholining sud tizimiga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlash yo‘lida fidokorona xizmat qilish muhim vazifa ekanini ta’kidladi.

Yig‘ilishda tizimda korrupsiyaning oldini olish va unga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha qat’iy nazorat mexanizmlarini kuchaytirish, xizmat intizomi va mas’uliyatni yanada oshirish zarurligi qayd etildi. Bu borada sud apparati xodimlari o‘rtasida muntazam profilaktik tushuntirish ishlarini olib borish muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Sud hokimiyati organlari faoliyatini yanada takomillashtirish, odil sudlovni ta’minlash, sud ishlarini ko‘rib chiqishda sifat va samaradorlikni yanada oshirish, fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining buzilgan huquqlarini ishonchli himoya qilish yuzasidan tavsiyalar berildi.
G‘.Hasanov, O‘zA