Hududiy inspeksiya mukammal ta’mirlangan yangi binoda
Navoiy viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasining mukammal ta’mirlangan yangi ma’muriy binosi foydalanishga topshirildi.
Tadbirda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi rahbari Sirojiddin Eshquvvatov, Navoiy viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Rustam Sulaymonov so‘zga chiqib, yangi bino inspeksiya xodimlari uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratishi, faoliyat samaradorligini oshirishi hamda qurilish va kommunal sohasida davlat nazoratini sifatli tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Yangi ma’muriy bino zamonaviy arxitektura yechimlari asosida barpo etilgan bo‘lib, barcha xonalar zarur standart va talablarga muvofiq holda jihozlangan.
Shuningdek, bu yerda raqamlashtirish jarayonlari doirasida tashkil etilgan onlayn kuzatuv markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu markazda qurilish ob’ektlarini real vaqt rejimida kuzatish imkoniyati yaratilgan bo‘lib, inspektorlarning bodi-kameralari orqali olinayotgan tasvirlar markazlashgan tarzda nazorat qilinadi.
[gallery-29129]
Tadbir davomida mazkur ob’ektni barpo etgan quruvchi tashkilot rahbari hamda faol inspeksiya xodimlari tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
A. Bo‘riyev, S. Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari