Eng yaxshi innovatsion g‘oya va loyihalar saralandi
Andijon davlat texnika institutida Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish hamda oliy o‘quv yurtlari talabalarining mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash, ilmiy-texnikaviy salohiyatini yuksaltirish, ilg‘or, innovatsion g‘oya va loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Innovatsion g‘oyalar yetakchisi” ko‘krak nishoni tanlovining institut bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Unda faol va tashabbuskor talabalar o‘zlarining ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, hududiy muammolarga innovatsion yechimlar taklif etish hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan innovatsion g‘oya va loyihalari bilan ishtirok etdi.

Talabalar tomonidan taqdim etilgan g‘oya va loyihalar maxsus komissiya tomonidan belgilangan nizom talablari asosida, kompleks tarzda baholandi. Baholash jarayonida loyihaning dolzarbligi, amaliy ahamiyati, innovatsion yondashuvi, iqtisodiy samaradorligi hamda ilmiy asoslanganligi kabi mezonlarga e’tibor qaratildi.

Yakunda eng yaxshi deb topilgan innovatsion g‘oya va loyihalar mualliflari tanlovning keyingi bosqichiga tavsiya etildi.

Eslatib o‘tamiz, “Innovatsion g‘oyalar yetakchisi” ko‘krak nishoni har yili Innovatsion g‘oyalar haftaligi – “InnoWeek.Uz” doirasida o‘z egalariga topshiriladi.
Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA muxbiri.