Bolalar va oilalar uchun yangi imkoniyatlar
Qaror va ijro
Prezidentimizning tegishli qaroriga asosan, 2025-yil 1-martdan boshlab tajriba-sinov tariqasida bosqichma-bosqich mamlakatimizning 7 ta hududida 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan nogironligi bor bolalar uchun davlat-xususiy sheriklik asosida kunduzgi parvarish xizmati tashkil etilmoqda.

Jumladan, Ohangaron shahridagi Bo‘ston mahallasida ham ushbu xizmat yo‘lga qo‘yilgan. Bugungi kunda mazkur maskan davlat-xususiy sheriklik asosida samarali faoliyat olib bormoqda.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, markazga jalb etilgan bolalarda ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Masalan, Quvonchbek tengdoshlarining ismini ayta boshladi, Islombek o‘yinchoqlardan uy yasab o‘ynamoqda. Ilgari bu bolalardan begonasiragan Malika esa hozir ular bilan do‘st bo‘lib ketgan.

— Bolalarning jismoniy va ruhiy holati bosqichma-bosqich rivojlantirilmoqda. Ularni tarbiyalashning o‘ziga yarasha mas’uliyati va sharafli jihatlari bor. Ulardagi kichik ijobiy o‘zgarishlar ham bizni quvontiradi, — deydi tarbiyachi Marjona Xoliqova.

Umuman olganda, ijtimoiy moslashuv, reabilitatsiya, ta’limiy va madaniy faoliyatlar uyg‘unligida tashkil etilgan bu xizmat bolalarning hayot sifatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shuningdek, bunday maskanlar nafaqat bolalar, balki ularning ota-onalari uchun ham yangi imkoniyatlar eshigini ochgan aniq. Chunki ilgari nogironligi bo‘lgan farzandi parvarishi bilan band bo‘lgan, biroq ishlash istagidagi ota-onalar endilikda o‘z kasbiga qaytish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Toshkent viloyatining boshqa hududlarida ham bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yilayotgan ushbu xizmat jamiyatimizda mehr-oqibat, e’tibor va inklyuziv tamoyillarning amaliy ifodasi sifatida namoyon bo‘lmoqda.
A. Musayev, O‘zA