Bojxona tizimi: tadbirkorlar manfaati yo‘lida
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i B.Muratov “Buxoro” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti hamda uning tasarrufidagi bojxona omborlari faoliyatini atroflicha o‘rgandi.
O‘rganishlar avvalida bojxona postida fuqarolar va tadbirkorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar ko‘zdan kechirildi. Xususan, xizmat ko‘rsatish jarayonlarining shaffofligi, tezkorligi va qulayligi tahlil qilinib, bu boradagi mavjud yutuqlar va kamchiliklar atroflicha muhokama etildi. Tadbirkorlar uchun ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, yuklarni rasmiylashtirish jarayonlarini soddalashtirish hamda logistika zanjirini samarali tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Jumladan, “BGP International Equipment” kompaniyasi vakili bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Indoneziyadan olib kirilgan, umumiy qiymati 344,8 ming AQSH dollariga teng bo‘lgan ikki partiya tovarni “vaqtincha olib kirish” bojxona rejimiga joylashtirish bo‘yicha amaliy yordam so‘raldi.
Mazkur murojaat yuzasidan mutasaddi xodimlar tomonidan zudlik bilan o‘rganish ishlari olib borilib, qonunchilik doirasida masalaga shu joyning o‘zida ijobiy yechim topildi. Bu esa bojxona organlarining tadbirkorlarga yaqindan ko‘maklashish, ularning muammolarini joyida hal etish borasidagi yondashuvi amalda o‘z ifodasini topayotganini ko‘rsatadi.

Sayyor o‘rganishlar yakunida boshqarma boshlig‘i tomonidan uzoq muddat davomida bojxona omborlarida saqlanib kelinayotgan tovarlarni yakuniy bojxona rejimlariga rasmiylashtirishni jadallashtirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi. Shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida uchrayotgan muammolarni tizimli ravishda o‘rganish, ularga amaliy yordam ko‘rsatish va xizmatlar sifatini yanada oshirish zarurligi alohida ta’kidlandi.

Bojxona tizimida amalga oshirilayotgan bunday ochiq va manzilli yondashuvlar iqtisodiy faollikni rag‘batlantirish, investitsiya muhitini yaxshilash hamda tadbirkorlar ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri