“Mehr ulashamiz!” loyihasi amalda
O‘zbekiston Qizil Yarim Oy Jamiyati Andijon viloyat tashkiloti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Jamoat Fondi tomonidan moliyalashtirilgan “Mehr ulashamiz!” nomli ijtimoiy buyurtma doirasida shifoxonalarga 400 dan ortiq turdagi zamonaviy tibbiy jihoz va apparatlar topshirildi.
Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Andijon viloyati filialida jihozlar topshirilishiga bag‘ishlangan tadbirda mamlakatimizda onkologik xastaliklar bilan davolanayotgan bemorlarga yaratib berilayotgan shart-sharoitlar, bu borada “Mehr ulashamiz!” loyihasining ahamiyati xususida so‘z yuritildi.

– Ushbu loyihaning asosiy maqsadi, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Andijon viloyati filiali hamda ko‘p tarmoqli viloyat bolalar tibbiyot markazining onkogematologik bo‘limlarini zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash va kasallikning oxirgi bosqichini o‘tkazayotgan bemorlar uchun xospis, ya’ni maxsus jihozlangan alohida palatalar tashkil qilishdan iborat, – deydi O‘zbekiston Qizil Yarim Oy Jamiyati Andijon viloyati tashkiloti rahbari Holidaxon Mirzarahimova. – Loyiha amalga oshirilishi bilan onkologik kasalliklar tufayli davolanayotgan insonlar uchun qator qulayliklar yaratildi.

Ijtimoiy buyurtmaning birinchi bosqichida tibbiy markazlarga umumiy qiymati 3 milliard 600 million so‘m bo‘lgan 400 dan ortiq turdagi zamonaviy tibbiy jihoz va uskunalar berilishi, har bir markazda 10 o‘rinli, jami 20 o‘rinli xospis xonalar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

Hozirga qadar amalga oshirilgan ishlar davomida UZI, sun’iy nafas berish apparati, pult bilan boshqariladigan ko‘p funksiyali maxsus karavot singari ko‘plab turdagi zamonaviy tibbiy jihoz va asbob-uskunalar tender tanlovlari orqali sotib olinib, shifoxonalarga yetkazib berildi va xospis xonalar tashkil etildi.

O‘tkazilgan tadbirda ijtimoiy buyurtmaning 2-bosqichida shifoxonalarning onkogematologik bo‘limlarida davolayotgan bemorlar, ularning qarindoshlari bilan ishlash, kasalxonadagi bemorlar va ularning yaqinlarini qo‘llab-quvvatlash, ularga psixologik yordamlar ko‘rsatish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar, belgilangan rejalar haqida ma’lumotlar berildi.
Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA muxbiri.