Buyuk sarkardaning buyuk ayoli
Bot-bot ta’kidlanadigan rad etib bo‘lmas haqiqat bor. U ham bo‘lsa, istalgan daholar ortida aniq zahmatkash bir ayolning mehnati mujassamligi. Davlatchiligimiz asoschisi buyuk Sohibqiron bobomiz qudratining shakllanishida ham ayollarning o‘rni alohida.
Xususan, Temurbekning ilk siyosiy maydonga kirib kelish kezlarida uning birinchi rafiqasi O‘ljoy Turkon og‘oning sadoqati g‘oyat muhim ahamiyat kasb etadi. Uning yana bir ismi Kamoloy bo‘lib, Amir Qozog‘onning nabirasi bo‘lgan. Temurbekning otasi Muhammad tarag‘ay Qozog‘on xizmatida bo‘lib, Temurbek amir e’tiborini qozongan. Shuning uchun nabirasiga boshqa xonlar og‘iz solib turgan bo‘lsa ham, u Amir Temurni kuyov qilishni lozim topgan.
Ammo Temurbek va O‘ljoyning hayoti osoyishta kechmadi. Negaki, u davrda mamlakatda boshboshdoqlik avj olgan, har qadamda fitna edi. Amir Qozog‘on saroyida ham bo‘linishlar kuchayib ketgandi. Aynan ana shunday kezlarda Sohibqiron ko‘ngliga yagona va markazlashgan qudratli davlat tuzish orzusi tushdi. Bu ulug‘vor maqsadini qo‘llab-quvvatlagan birinchi inson aynan rafiqasi O‘ljoy Turkon og‘o bo‘ldi.
O‘ljoyning bobosi Amir Qozog‘on fitna bilan qatl etilgach, siyosiy vaziyat yanada keskinlashdi. Temurbek qynog‘asi Amir Husayn bilan siyosiy vaziyatni barqarorlashtirishga va boshqaruvni qo‘lga olishga har qancha urinmasin, Amir Husaynning beqarorligi, irodasizligi toqatini toq qilardi. Keyinchalik fikrlar xilma-xilligi va beklar fitnasi sabab har ikki amir o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashib bordi. Shunday kezlarda esa O‘ljoy Turkon og‘o katta sahnaga chiqardi. Ikki amir munosabatlarini yumshatishga, Temurbekning buyuk maqsadini akasiga anglatishga jon-jahdi bilan kirishardi.
Ulug‘ maqsadni ko‘zlagan har qanday kishi yo‘liga g‘ov bo‘luvchilar hamma zamonda uchraydi. Shu ma’noda Temurbek ham ulkan to‘siqlarni yengib o‘tmog‘i tayin edi. Xususan, uning joniga ko‘p marotaba qasd qilingan bo‘lib, har safar bunday keskin vaziyatlar aziyatini O‘ljoy ham chekardi.
Shu o‘rinda ayol kamoloti uchun kitobning ne chog‘lik ahamiyatli ekanini ta’kidlash lozim. Ajab emaski, O‘ljoy ham vafo-yu sadoqat borasida Xorazmiyning “muhabbatnomasidan” ibrat olgan bo‘lsa. Bunday xulosaga kelishga tarixiy manbalarda Temurbek va O‘ljoyning aynan “muhabbatnomadan” bir-biriga she’riy izhorlar bayon etgani to‘g‘risidagi bitiklar sabab bo‘ldi.
Har kim ham ulkan maqsadlar qo‘ymog‘i mumkin. Ammo bu yo‘ldagi harakatlarning boshlanishi eng muhim nuqta. Bunda kishi kimgadir suyanishi, tayanch his qilmog‘i zarur. Chunki, ma’nan yuksak bo‘lmagan yo‘ldosh albatta, maqsadga erishish yo‘lini osonlashtirish o‘rniga murakkablashtiradi. O‘ljoy Turkon og‘o esa ana shunday boshlanishning eng muhim nuqtasida munosib hamdam bo‘ldi desak, yanglishmagan bo‘lamiz. U tarbiyalagan Jahongirmirzo ham Temurbek farzandlari orasida o‘z jasorati va ma’rifati bilan ajralib turadi.
Xulosa qilib aytganda, buyuklarning qudrati e’tirof etilar ekan, bu yo‘lda ularga munosib yo‘ldosh bo‘lganlarni ham unutmaslik lozim. Ayniqsa, millatimiz qahramonlarini yetishtirgan ulug‘ ayollarimizni har qancha sharaflasak, kam. Bizga Sohibqiron hayotida muhim o‘rin tutgan Bibixonim zakovati ibrat bo‘lsa, Temur bobomiz zafarlari uchun umrini fido qilgan O‘ljoy Turkon og‘oning sadoqati, ma’rifati iftixordir. Hozirgi kunda O‘ljoy Turkon og‘oning maqbarasi Shohi zindada bo‘lib, uni shaxsan Amir Temurning o‘zi ko‘chirib keltirgan.
Sherbek Islomov,O‘zA