2026-yilda energiya samaradorligi yanada oshiriladi
Energiya resurslariga bo‘lgan talab yil sayin ortib borayotgan bugungi sharoitda ulardan samarali va oqilona foydalanish masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda.
Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan “2026-yilda energiya samaradorligini yanada oshirish, energiya resurslarini tejash va ulardan oqilona foydalanishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon nafaqat energiya tejamkorlikni kuchaytirish, balki iqtisodiyot tarmoqlarida zamonaviy texnologiyalar orqali barqaror rivojlanishni ta’minlashga xizmat qiladi.
Farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-iyuldan vazirlik va idoralar, davlat tashkilotlari va ijtimoiy soha muassasalari hamda davlat ishtirokidagi korxonalarning yangi quriladigan, rekonstruksiya (modernizatsiya) qilinadigan va mukammal ta’mirlanadigan bino va inshootlarida energiya samaradorligining “S” va undan yuqori toifasiga ega bo‘lish talabi kiritiladi.
Elektr energiyasi va tabiiy gazni iste’molchilarni tarmoqdan ajratish va cheklov kiritish hisobidan tejashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Energiya samaradorligi milliy agentligiga Energiya samaradorligini rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi orqali energiya servis kompaniyalari (ESKO) tomonidan davlat buyurtmalari asosida ko‘rsatiladigan energiya servis xizmatlari uchun kafolatlangan to‘lovlarni amalga oshirish huquqi beriladi.
2026-yildan har yili energiya sarfi belgilangan normativlardan keskin oshib ketgan davlat ob’ektlarida xalqaro standartlar va energiya servis mexanizmlari asosida energiya samaradorligini tubdan yaxshilash dasturlari amalga oshiriladi.
2026-yil 1-oktabrga qadar ob’ektlar kesimida katta hajmdagi ma’lumotlar (Big Data), biznes-tahlil (Business Intellegence) va sun’iy intellekt texnologiyalari asosida energiya iste’molini va samaradorlik ko‘rsatkichlarini tahlil qilib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
N.Rahmonova,
O‘zA