“Dolzarb haftalik” tadbirlari davom etmoqda
Majburiy ijro byurosining Navoiy viloyati boshqarmasi hamda uning hududiy bo‘limlari tomonidan “dolzarb haftalik” tadbirlari doirasida kommunal sohadagi ijro hujjatlarining bajarilishini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, mazkur tadbirlar davomida energiya resurslari, suv ta’minoti hamda boshqaruv-servis kompaniyalari foydasiga mavjud qarzdorliklarni undirish, shuningdek, ijro hujjatlari sonini qisqartirish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar izchil ravishda olib borilmoqda.
Haftalik doirasida qarzdor aholiga nisbatan tushuntirish va ogohlantirish ishlari kuchaytirilib, mahallabay va xonadonbay o‘rganishlar tashkil etildi. Bu kabi yondashuvlar qarzdorliklarni qisqartirishda o‘zining ijobiy samarasini ko‘rsatdi.

Shu bilan birga, kommunal tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik o‘rnatilib, debitor qarzdorliklar tahlil qilindi hamda muammoli qarzdorlar bilan ishlash tizimli yo‘lga qo‘yildi.
Natijada “dolzarb haftalik” davomida kommunal sohaga oid 421 ta ijro hujjatlari amalda tamomlanib, jami 1 milliard 907 million so‘m qarzdorlik undirildi. Eng muhimi, ushbu sohadagi ijro hujjatlari qoldig‘i 315 taga kamayib, 34,7 foizga qisqarishiga erishildi.

Majburiy ijro byurosi tomonidan kommunal sohadagi ijro hujjatlari sonini yanada kamaytirish, qarzdorliklarni barvaqt undirish hamda profilaktik chora-tadbirlarni kuchaytirish bo‘yicha ishlar izchil davom ettirilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri