Notariuslar faoliyati o‘rganildi
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda O‘zbekiston Notarial palatasi ishchi guruhi tomonidan Xorazm viloyatida joylarga chiqqan holda notariuslar faoliyati o‘rganildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi “Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida”gi farmoni hamda 2025-yil 9-sentabrda qabul qilingan “Notariat institutini yanada rivojlantirish hamda sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq mamlakatimizda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquq hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishda notariat institutining rolini kuchaytirish, notariuslar faoliyatini raqamlashtirish ishlari izchil davom etmoqda. Mazkur vazifalar doirasida notariat tizimiga joriy etilayotgan yangiliklar natijasida aholiga huquqiy xizmat ko‘rsatish sifati va qulayligi kun sayin oshib bormoqda.

Respublika ishchi guruhi Urganch shahri hamda Urganch tumanida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar idoralarida bo‘lib, mazkur yangiliklarning amalda qanday tatbiq etilayotgani bilan qiziqdi.
– Bugun mamlakatimizda fuqarolarning vaqt va ortiqcha ovoragarchiligini oldini olish maqsadida onlayn notarial harakatlar yo‘lga qo‘yilgan, – deydi xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar Sanjar Sobirov. – Joriy yilning 1-aprelidan boshlab uy-joy hamda avtotransport vositalarini oldi-sotdi qilishda naqdsiz to‘lov tartibini qo‘llash amaliyoti joriy etildi va bu yo‘nalishda tizimli ishlar davom ettirilmoqda. Idoramizga kelgan mutasaddi rahbarlar bizga shu va boshqa mavzularda amaliy va uslubiy tavsiyalar berdi.

O‘rganishlardan so‘ng Xorazm viloyat adliya boshqarmasida notariuslar bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada oshirish, notariuslar oldiga qo‘yilgan talablar, shuningdek, yangi joriy qilingan notarial harakatlarning amaldagi ijrosi masalalari muhokama qilindi.
Shu bilan birga, rahbariyat tomonidan notariuslarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi.
Ahmadjon Shokirov, O‘zA muxbiri