Yoshlar va ishsiz fuqarolar uchun bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi o‘tkazildi
Bugun yoshlarning bandligini ta’minlash va ishsizlikni kamaytirish nafaqat iqtisodiy, balki muhim ijtimoiy vazifadir. Har bir inson o‘zining salohiyatiga mos, munosib mehnat sharoitiga ega ish o‘rniga ega bo‘lishni xohlaydi. Mana shunday istak va imkoniyatlarni birlashtirish, band bo‘lmagan fuqarolarga amaliy ko‘mak berish maqsadida Poytaxtimizdagi Sergeli tumanida yoshlar va ishsiz hamda bandligi ta’minlanmagan fuqarolarni munosib ish o‘rinlariga yo‘naltirish maqsadida mehnat yarmarkasi tashkil etildi.
Yarmarkada 100 dan ortiq ish beruvchi tashkilot hamda 1000 nafardan ortiq fuqarolar ishtirok etdi.
Xususan, tadbirda yirik korxona va tashkilotlar, tadbirkorlik sub’ektlari o‘zlaridagi mavjud bo‘sh (vakant) ish o‘rinlari bilan ishtirok etdilar. Yarmarka davomida ish qidirayotgan fuqarolarga ish beruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish va o‘z mutaxassisliklariga mos lavozimlarni tanlash imkoniyati yaratildi.

Shuningdek, o‘zini o‘zi band qilmoqchi bo‘lgan fuqarolarga imtiyozli kreditlar va subsidiyalar ajratish bo‘yicha huquqiy maslahatlar berildi.
Mutaxassislarning qayd etishicha, bu kabi yarmarkalar yoshlar va ish izlayotgan fuqarolarni mehnat bozoridagi real imkoniyatlar bilan bog‘lash, bandlikni ta’minlash hamda yangi ish o‘rinlariga yo‘naltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shu bilan birga, yoshlarni zamonaviy kasblarga yo‘naltirish, ularning bandligini ta’minlash va munosib ish o‘rinlariga joylashtirish maqsadida “Texnopark” sanoat zonasiga ekskursiya tashkil etildi.
Tadbir davomida maktab, oliy va professional ta’lim muassasalari bitiruvchilariga korxonalardagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlari va vakant lavozimlar haqida ma’lumot berildi. Yoshlar korxonalar faoliyati, mehnat sharoitlari va mavjud imkoniyatlar bilan yaqindan tanishib, suhbat asosida o‘zlariga mos ish o‘rinlariga yo‘naltirildi.

Yoshlar bandligini ta’minlash, ularning kasbiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish va daromad manbalarini yaratish borasidagi ishlar izchil davom etmoqda.
Gulnoza Boboyeva,O‘zA