“Yashil makon” doirasida amaliy seminar
“Yashil makon” umummilliy loyihasi yurtimizning barcha hududida izchillik bilan amalga oshirib kelinmoqda. Bu yo‘nalishdagi harakatlar 2030-yilgacha mamlakatimizning yashillik darajasini 30 foizga yetkazishga oid vazifani amalga oshirishga xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbarining “Yashil makon” umummilliy loyihasi samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida seminar tashkil etildi.
Tadbir davomida yoshlarga “Yashil makon” umummilliy loyihasining mazmun-mohiyati, uning ekologik barqarorlikni ta’minlash, hududlarni ko‘kalamzorlashtirish, yashil maydonlarni kengaytirish hamda atrof-muhit muhofazasini kuchaytirishdagi ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berildi.

Seminarning amaliy qismida ishtirokchilarga daraxt ko‘chatlarini ekish tartibi, ekish joyini to‘g‘ri tayyorlash, ko‘chatlarni belgilangan talablar asosida o‘tqazish va ularni dastlabki parvarish qilish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Bu kabi amaliy tadbirlar hududlarni ko‘kalamzorlashtirishga qaratilgan harakatlarning natijadorligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.
M.Komilova, O‘zA